O‘zbekiston Transport vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari turkmanistonlik hamkasblari bilan birgalikda 26 noyabrdan boshlab davlat chegarasi orqali ikkita o‘tkazish punkti faoliyatini tiklash ustida ishlamoqda, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Gap 2020 yilda koronavirus pandemiyasi sababli yopilgan «Xo‘jayli — Kunya-Urgench» hamda «Shovot — Dashoguz» chegara o‘tkazish punktlari haqida ketmoqda. Ular bugungi kunda xalqaro yuk tashuvlari uchun faoliyat yuritayotgan «Olot» chegara o‘tkazish punktiga qo‘shimcha bo‘lishi kerak.

26 noyabrdan sanitariya-epidemiologiya tadbirlariga qat’iy rioya etgan holda neytral zonada tirkama va yarim tirkamalarni kontaktsiz almashish yo‘li bilan qayta tiklanishi kutilmoqda. Ikki punktning neytral zonalarida sinov yuk tashuvlari 25 noyabr kuni amalga oshirildi.

Bu haqda 18 noyabr kuni O‘zbekiston-Turkmaniston ishchi guruhlarining transport va logistika bo‘yicha videokonferensaloqa yig‘ilishi formatidagi uchrashuvida kelishuvga erishildi, deya aniqlik kiritdi vazirlik.