O‘zbekiston AQShning “Demokratiya uchun” sammitiga taklif etilmadi

AQSh Davlat departamenti “Demokratiya uchun” sammitida ishtirok etadigan davlatlar ro‘yxatini e’lon qildi. Sammit doirasida avtoritarizmdan himoya qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish, inson huquqlarini hurmat qilishga ko‘maklashish masalalari ko‘tariladi. O‘zbekiston taklif etilganlar orasida yo‘q.

Vazirliklarning hududiy bo‘linmalari bitta binoga joylashtiriladi

Prezident farmoyishiga ko‘ra, Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturi loyihasiga takliflar ishlab chiqilishida “vazirlik va idoralar shtat birliklarini maqbullashtirish” ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Bundan tashqari, davlat boshqaruvi organlarining maqomini belgilash, “Ochiq idora” loyihasini amalga oshirish kabi jihatlar ham shunday yo‘nalishlardan hisoblandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi “Yangi O‘zbekiston shifokorlari” platformasini ishga tushirdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi yosh (45 yoshgacha) shifokorlarning takliflari uchun g‘oyalarni to‘plash maqsadida “Yangi O‘zbekiston shifokorlari” platformasini yaratdi. Yangi platforma dunyoning istalgan hududida yashab, mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik shifokorlar uchun mo‘ljallangan.

Qoraqalpog‘iston va Xorazm tadbirkorlariga qator imtiyozlar berildi

Prezident qarori bilan Qoraqalpog‘istonning ayrim tumanlari va Xorazm viloyati tadbirkorlariga qator imtiyoz va preferensiyalar berildi. Mazkur hududlarda 85 ta yangi kichik sanoat zonasi tashkil etish rejalashtirilgan.

Toshkent viloyatida o‘quvchilar majburiy mehnatga jalb qilindi

Davlat mehnat inspeksiyasi Yuqori Chirchiq tumani 23-maktabda o‘quvchilarning dars mashg‘ulotlarida majburiy mehnatga jalb etilganini ma’lum qildi. Shuningdek, bu kabi holat haftasiga ko‘p marotaba takrorlanib kelayotganligi aytildi.

Norvegiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlandi

Norvegiyaning O‘zbekistondagi elchisi etib tayinlangan Jon Mikal Kvistad Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovga ishonch yorliqlarini topshirdi. O‘zaro suhbat chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

XDP barcha ayollarga homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha kafolatlangan nafaqa to‘lashni taklif etdi

O‘zXDP hukumatga homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha davlat tomonidan kafolatlangan nafaqa to‘lashni joriy etish taklifini kiritdi. Partiya nodavlat sektordagi ish beruvchilar har doim ham bunday majburiyatni bajarmasligini, ishsiz ayollar esa umuman olmasligini ta’kidladi. Buni xalqaro tashkilotlar ham qayd etgan.

Farg‘ona viloyatida sodir bo‘lgan ikkita yo‘l-transport hodisasida 3 kishi halok bo‘ldi

Farg‘ona viloyatida Nexia-3 va Lacetti avtomobillari ishtirokida sodir bo‘lgan ikkita YTH natijasida 3 kishi halok bo‘ldi. Ulardan biri avtohalokatdan keyin yonib ketgan mashinada vafot etdi.

“Toshkent hokimi meni 450 mlrd so‘mga tushirdi”. Prezident poytaxtdagi jarliklardan qutilish haqida

Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumaniga tashrifi chog‘ida jarlar uni ko‘pdan beri qiynab kelayotgan muammo ekanligini ma’lum qildi. Jahongir Ortiqxo‘jayev esa buni hal etish uchun unga 450 mlrd so‘m zarur ekanligini aytgan. “Men bu pulni ertagayoq berishimni bildirdim”, — dedi prezident. U shuningdek, jarliklarni yopib, uning o‘rniga daraxt ekish va yo‘l ochish bo‘yicha topshiriq bergan.

1 dekabrdan Toshkent metrosida jetonlar qabul qilinmaydi

1 dekabrdan boshlab Toshkent metropolitenida aholida qolib ketgan jetonlarni to‘lov sifatida qabul qilish to‘xtatiladi.

Toshkentda Piza universiteti filiali tashkil etildi

Hukumat qarori bilan Toshkentda Italiyaning X asrlik tarixga Piza universitetining filiali tashkil etildi. Filialda ta’lim 2022/2023 o‘quv yilidan kunduzgi shaklda kontrakt asosida amalga oshiriladi. Bitiruvchilarga esa universitet diplomi beriladi.

Dehqonchilik uchun 1 gektargacha yer va imtiyozli kredit ajratiladi

Prezident qarori asosida paxta va g‘alladan qisqartirilgan 200 ming gektar yer dehqonchilik uchun ajratiladi. Bunda elektron tanlov orqali 1 gektargacha bo‘lgan yer maydonlari ijaraga beriladi. Qolaversa, fermer va dehqonlar 100 mln so‘mgacha imtiyozli kredit ham olishi mumkin.