AQSh Davlat departamenti o‘z saytida mamlakat prezidenti Jo Bayden tomonidan tashkil qilinayotgan «Demokratiya uchun» sammitida ishtirok etish uchun taklif etilgan 110 ta davlat ro‘yxatini e’lon qildi. O‘zbekiston ushbu ro‘yxatga kiritilmagan.

«Demokratiya tasodifan yuzaga kelmaydi. Biz uni himoya qilishimiz, buning uchun kurashishimiz, mustahkamlashimiz, yangilashimiz kerak», — Jo Bayden iqtibosini keltiradi departament.

9−10 dekabr kunlari AQSh rahbari hukumatlar, fuqarolik jamiyatlari va xususiy sektor rahbarlari uchun virtual sammitga mezbonlik qiladi. Sammitda asosiy e’tibor demokratiyalar oldida turgan muammolar va imkoniyatlarga qaratiladi hamda yetakchilar uchun mamlakatda va xorijda demokratiya hamda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha individual va jamoaviy majburiyatlarni, islohotlar va tashabbuslarni e’lon qilish uchun platformani taqdim etadi, deyiladi departament bayonotida.

Birinchi sammit oldidan quyidagi mavzular ilgari surilishi ko‘zda tutilmoqda:

  • Avtoritarizmdan himoya qilish;
  • Korrupsiyaga qarshi kurashish;
  • Inson huquqlarini hurmat qilishga ko‘maklashish.

O‘zbekistondan tashqari Markaziy Osiyo mamlakatlari — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston ham taklif etilganlar orasida yo‘q.

Sammitda ishtirok etishga shuningdek Rossiya va Xitoy ham taklif etilmagan. Vengriyadan tashqari barcha Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar ro‘yxatga kiritilgan. AQShning NATO bo‘yicha ittifoqchisi Turkiya ham sammitga taklif qilinmagan.

Sobiq SSSR mamlakatlari orasida faqat Ukraina, Armaniston, Gruziya, Moldova, Litva, Latviya va Estoniya taklif etilganlar ro‘yxatidan joy olgan.