O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi “tibbiyot sohasining faol va tashabbuskor yosh vakillarini” birlashtirish maqsadida “Yangi O‘zbekiston shifokorlari” platformasi ishga tushirilganini e’lon qildi.

“Prezidentimiz tibbiyot sohasini xalqimizni rozi qiladigan tizimga aylantirish bo‘yicha oldimizga juda katta vazifalarni qo‘ygan. Bularni to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, sohada o‘z yechimini kutayotgan muammolarni hal etish uchun yangi g‘oya va tashabbuslar, kreativ yondashuvlar nihoyatda zarur. Bu borada Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilish orzusi bilan yonib yashayotgan, jamiyatdagi yangilanishlar jarayonida faol ishtirok etib, dolzarb masalalarni dadil ko‘tarib chiqayotgan yosh shifokorlar kuch-g‘ayrati, azmu shijoatiga suyanamiz”, — deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarida.

Yangi platforma 45 yoshgacha bo‘lgan shifokorlar uchun mo‘ljallangan. Yangi platforma dunyoning istalgan hududida yashab, mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik shifokorlar uchun mo‘ljallangan.

“Shuningdek, eng yaxshi g‘oya va takliflar bergan yosh shifokorlar vazirlik istiqbolli kadrlar zaxirasiga kiritiladi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Loyihada ishtirok etish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi veb-saytidan ro‘yxatdan o‘tib, dolzarb masalalar bo‘yicha o‘z fikr va takliflaringizni yuborish kerak. Mualliflarning maxfiyligi kafolatlangan.