1 dekabrdan boshlab Toshkent metropolitenida yo‘l haqini to‘lash uchun jetonlarni qabul qilish to‘xtatiladi. Bu haqda DUK matbuot xizmati xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning noyabr oyidan boshlab Toshkent metrosida yo‘lovchilar uchun jetonlarni sotish to‘xtatilib, avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi joriy etilgan. Mazkur qaror yo‘lovchilarning yagona transport kartalari orqali yo‘l haqi to‘lovlarni amalga oshirish ko‘lamini kengaytirish, avtomatlashtirilgan tizimning to‘laqonli ishlab ketish jarayonini tezlashtirish, shuningdek, jamoat transportida naqd pul muomalasidan voz kechish maqsadida qabul qilingan.

Lekin shu davr mobaynida aholidagi mavjud jetonlar qabul qilinib kelgan.

Hozirda barcha bekatlar QR kodli bilet, transport va bank kartalari hamda NFC orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beruvchi statsionar validatorlar bilan jihozlangan, deya qayd etdi metropoliten matbuot xizmati.