Xalq demokratik partiyasi barcha xotin-qizlarga tug‘ruq va tug‘ish bo‘yicha davlat tomonidan kafolatlangan nafaqa to‘lashni joriy etish bo‘yicha hukumatga taklif kiritdi. Bu haqda Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Ulug‘bek Vafoyev muallifligida partiya saytida e’lon qilingan maqolada aytilmoqda.

«Bugungi kunda budjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi davlat tomonidan to‘lanmoqda. Nodavlat tashkilotlarda bunday nafaqa ish beruvchilar tomonidan to‘lanishi belgilangan. Ammo amalda aksariyat ish beruvchilar xodimlar, ayollar, onalar oldidagi bu majburiyatni bajarmayapti», — deb yozmoqda u.

Fraksiya fikriga ko‘ra, bu nobudjet sohadagi ish beruvchilar tomonidan ayollarni ishga qabul qilmaslikka (ayniqsa, homiladorlik davrida) va ayollarning mehnat qilish huquqining cheklanishiga sabab bo‘lmoqda. Ishlamaydigan ayollar bu nafaqani olmaydilar. «Bu holat aholida savollar tug‘dirmoqda», — qayd etdi deputat.

«Barcha ayollar uchun homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa xodim davlat yoki nodavlat tashkilotda ishlashidan qat’i nazar kafolatli ravishda davlat tomonidan to‘lanishi lozim. Buni amalga oshirishning eng ishonchli va maqbul yo‘li — nafaqaning davlat tomonidan to‘lanishi hisoblanadi. Partiyamiz deputatlari hukumatga mana shu taklifni ham berdi», — ta’kidladi Ulug‘bek Vafoyev.

Eslatib o‘tamiz, Xalqaro mehnat tashkiloti, YUNISEF va Jahon bankining o‘tgan yili chop etilgan qo‘shma hisobotida ish beruvchining nafaqani moliyalashi xalqaro amaliyotga zid ekani aytilgan. Hujjatda bu holat «yosh ayollarni rasmiy sektorda ish bilan ta’minlashda potensial to‘xtatuvchi omil mavjudligidan dalolat berishi, bu esa ularni ish o‘rinlari uchun jiddiy raqobat sharoitida noqulay ahvolga solib qo‘yishi» haqida aytilgan.

«O‘zbekiston Respublikasi hukumati onalikni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro hujjatga (ILO, 2019a) qo‘shilganini inobatga olib, onalik va tug‘ish bo‘yicha barcha nafaqalarni ijtimoiy sug‘urta tizimiga o‘tkazish tavsiya etiladi», — tavsiya etilmoqda hisobotda.

Avvalroq YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasining barcha oilalar uchun bolalar nafaqasi bilan oilalarni qamrab olish zarurligi haqidagi maqola e’lon qilingan. Unda bolalar nafaqalari faqat muhtoj deb topilgan oilalarga to‘lanishida mamlakatning yondashuvi ziddiyatliligi haqida so‘z yuritiladi.

«Bolalarni qo‘llab-quvvatlash xayriya yoki moliyaviy yordam emas, balki mamlakat inson kapitalini rivojlantirishga zarur bo‘lgan sarmoyadir. Bolalar nafaqalari oilalarga o‘z farzandlarini yanada to‘yimli oziq-ovqat bilan ta’minlashga yordam beradi «, — deyiladi maqolada.