Uzbekistan Airports Yangihayot tumani hokimligi bilan birgalikda yangi yashil hudud barpo etilib, qariyb ikki mingta daraxt ekildi, deb xabar berdi kompaniya matbuot xizmati.

Tadbir «Yashil makon» respublika loyihasi doirasida o‘tkazilgan. Ikki kilometrdan ortiq va taxminan yetti gektar maydonga ega bo‘lgan, keng ariq bilan ajratilgan hudud kelgusi yillarda piyodalar yo‘laklari, skameykalar va bolalar maydonchalari bo‘lgan chiroyli yashil maydonga aylanadi, deyiladi xabarda.

Ushbu fikrni amalga oshirish maqsadida Uzbekistan Airports shahar hokimiyatiga murojaat qilgan va Yangihayot tumanida mos joy topilib, ko‘kalamzorlashtirish ishlari boshlangan.


«Biz prezidentning daraxt ekish bo‘yicha farmoyishlariga juda katta mas’uliyat bilan yondashdik. Bizda aksiya uchun, hisobot berish uchun yoki chiroyli fotosuratlar uchun harakat qilish maqsadi bo‘lmadi, aksincha odamlar uchun bog‘ barpo etish g‘oyasi tug‘ildi», deyiladi Uzbekistan Airports xabarida.

Qayd etilishicha, birinchi bosqichda daraxtlarni ekish va yozgacha-yo‘lakchlarni yotqizish, skameykalarni o‘rnatish, va aviatsiya mavzularida o‘yin maydonchalarini qurish maqsad qilingan.

«Biz uzoq vaqt davomida mos keladigan joy topa olmadik, chunki, bog‘ uchun asosiy shartlardan biri — sug‘orish tizimi hisoblanadi. Yangihayot tumanida turar joy majmuasi bo‘yida ariq bilan ajratilgan keng yo‘lak topildi. Biz bu joyni „Aviatsiya sohil bo‘yi“ deb ham nomlab bo‘ldik», — deydi Uzbekistan Airports AJ boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.

O‘tgan yakshanba kuni Uzbekistan Airports jamoasi Yangihayot tumani hokimligi va milliy gvardiya xodimlari bilan birgalikda ushbu joyga ikki mingga yaqin daraxt ekdi.

«Bizning tuman hali juda yangi, yuzlab uylar qurilgan, lekin ijtimoiy infratuzilma — maktablar, bolalar bog‘chalari, bog‘lar, sayir qilish joylari va bolalar maydonchasi ham kerak. Shuning uchun aeroport homiyligida yashil yo‘lak, ya’ni xiyobon tashkil etish g‘oyasi menga juda yoqdi», — deydi Yangihayot tumani hokimi Xayot Inag‘omov.


«Bu yerda daraxt ekish, piyodalar yo‘laklarini yotqizish bo‘yicha dastlabki rejamiz bor edi, shuning uchun biz Uzbekistan Airports vakillari bilan kelishgan holda yakshanba kuni ish boshladik. Tan olib aytishim kerakki, Aksiyadorlik jamiyatining bunday tashabbus bilan chiqqani yaxshi bo‘ldi. Mahalliy aholi ham o‘z uylari yaqinida yashil bog‘ paydo bo‘lishidan juda xursand bo‘lib, ko‘chatlarga g‘amxo‘rlik qilishda yordam berishga va’da berdilar».

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 noyabrdagi yig‘ilishda daraxt ekish bo‘yicha «Yashil makon» keng ko‘lamli milliy loyihasi doirasida «dolzarb 40 kunlik» ni e’lon qilib, har yili 200 mln tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish rejalashtirilganini ma’lum qilgan.