O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi Angliyaning Glostershir shtatidagi Sayrensester shahrida joylashgan Qirollik qishloq xo‘jaligi universitetida (Royal Agricultural University) muzokaralar o‘tkazdi.

Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tashrifdan maqsad O‘zbekistonda tashkil etilayotgan Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti uchun ta’lim dasturlari va boshqa masalalarni ishlab chiqishdan iborat bo‘lgan.

Delegatsiyaga Toshkent davlat agrar universiteti rektori maslahatchisi lavozimiga tayinlangan professor Munira Aminova boshchilik qildi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari bilan birgalikda RAU prorektor o‘rinbosari professor Nil Ravenskroft, RAU Qishloq xo‘jaligi maktabi rahbari Filip Xadson va tadqiqot direktori professor Mark Xorton bilan uchrashdi.

Delegatsiya universitetning talabalari, o‘qituvchilari va boshqa xodimlari bilan uchrashishdi, talabalar shaharchasi va universitet xo‘jaligining Farm491 agrotexnologik inkubatorida bo‘lib, infratuzilma bilan tanishishdi. Shuningdek, delegatsiyaga yangi virtual o‘quv muhiti va RAU talabalarining hamkor universitetlar bilan masalan, Xitoyda o‘qitishda muvaffaqiyatli qo‘llanilgan boshqa innovatsiyalar namoyish etildi.

RAU — Buyuk Britaniyadagi eng qadimgi qishloq xo‘jaligi universiteti bo‘lib, 1845 yilda tashkil etilgan. U Uels shahzodasi qirollik homiyligida. Universitet bilan hamkorlik bo‘yicha muzokaralar shu yil boshida boshlangan edi.

Yozda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti RAU va Vytautas Magnus University (VDU) o‘rtasida uch tomonlama o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumi imzolangan bo‘lib, uning asosida xalqaro universitetni yaratish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Shuningdek, memorandumda universitetlar o‘rtasida o‘qituvchi va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda fermerlar va fermer xo‘jaliklari maslahatchilarining malakasini oshirish va almashish dasturlarini amalga oshirish, loyiha va dasturlar ishlab chiqish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish ko‘zda tutilgan.