22 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Odam savdosi sohasidagi jinoyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yagona axborot bazasini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, odam savdosi sohasidagi jinoyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yagona axborot bazasi IIV Tezkor-qidiruv departamenti tomonidan yuritiladi.

Mazkur bazaga:

  • odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar;
  • odam savdosidan jabrlanganlar, jabrlangan deb taxmin qilinayotganlar — ayollar va bolalar haqidagi axborot alohida ajratilgan holda, ularga ko‘rsatilgan yordam natijalari;
  • jinoyat sodir etish usullari va boshqa axborotlar kiritiladi.

Ma’lumotlardan odam savdosiga qarshi kurashishdagi vakolatli organlar foydalanishi uchun Tezkor-qidiruv departamenti va uning hududiy bo‘linmalariga yozma yoki elektron shaklda so‘rovnoma yuboradi.

So‘rovnoma tushganidan so‘ng uning natijasi bo‘yicha besh kunda javob yuboriladi.

Iyul oyida Senatning yalpi majlisida ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov yarim yil ichida 99 ta odam savdosi fosh etilgani haqida ma’lum qilgan. Senat raisi Tanzila Narbayeva esa ushbu jinoyatlar o‘tgan yilga nisbatan ikki baravardan ko‘proqqa oshgani va 34 ta holat chaqaloqlar savdosi bilan bog‘liqligini ma’lum qilgan.

O‘zbekistonlik mehnat migrantlariga yordam berishga mo‘ljallangan Telegram-bot ishga tushirilgan. Unda chet elda ishlash va yashash qoidalari, ularning huquq va majburiyatlari, shuningdek, chet elda ishlayotganlarni qo‘llab-quvvatlash turlaridan tashqari, odam savdosi to‘g‘risida ma’lumot yuborilishi mumkin.