Bloger Fatima Jo‘rayeva o‘zining Facebook sahifasida Andijon viloyati Ulug‘nor tumani elektor tarmoqlari korxonasi bosh hisobchisi tomonidan kaltaklanganini aytib, murojaat qildi.

Nima sodir bo‘lgan?

Fatima Jo‘rayeva o‘z murojaatida tuman elektr tarmoqlari korxonasi bosh hisobchisidan o‘zi huquqshunos sifatida ishlab kelayotgan fermer xo‘jaligiga elektr energiyasidan qarzdorlikni sun’iy ravishda oshirilganligi bo‘yicha tegishli hujjatlarni berishini talab qilganligini bildirgan.

“Sun'iy qarzdorliklar qayerdan paydo bo‘layotgani, nimaga fermerlar katta miqdorda qarzdor bo‘layotganini bilish maqsadida <...> ushbu holat haqida izoh so‘ragandim”, — deydi u.

Fatima Jo‘rayeva “Ulug‘nor tumanidagi mutasaddilar sun’iy ravishda fermerlarni qarzdorlikka tiqayotgani haqida kichkina karikatura qilib qo‘ygani” haqida ham aytdi.

Foto: Fatima Jo‘rayeva / Facebook

“Elektr tarmoqlari 176 mln 649 ming so‘m qarzdor qilyaptida, yana unga 53 mln penya va unga QQSdan 72 mln qarzdorlik qilib, bir fermerni 215 mln 871 ming so‘mga qarzdor qilib qo‘yyapti. Men ularga telefon qilib, bu holat qanday bo‘lganini so‘radim, “Zafar aka"ga telefon qildim, ular tushlikdan keyin chaqirishdi. Borsam Zafar akaning eshigi qulf, keyin Saydullo degan buxgalteriga kirib, so‘rasam, u menga nisbatan provakatsiya qilishni boshladi. “O‘zlaringiz chaqirtirdinglarku” desam, u “biz bunday qilmaganmiz”, deb baqirib ketdi”, — deydi Jo‘rayeva.

Blogerlarning so‘zlariga ko‘ra, “u qo‘rqib ketib, telefonida videoga olmoqchi bo‘lgan”.

“Iphone 12 Pro Max telefonimni olib, sindirib, meni urib, yerga yotqizib tepdi, 4 nafar erkak qarab turdi. Men bilan 2 fermer ayol bor edi, ularni ham urushib, mening telefonimni oldi. Telefonimni so‘raganimda, uni sindirib berdi. Lekin telefonim ishlayapti”, — deya qo‘shimcha qiladi u.

Fatima Jo‘rayeva Ichki ishlar vaziriligi, Bosh prokuratura, Energetika vazirligi, prezident, bosh vazir, Senat raisi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda fermerlar kengashiga yuzlanib, ulardan Ulug‘nor tumaniga kelib, fermerlarga bo‘layotgan sun’iy qarzdorliklarni tekshirishlarini so‘radi.

Jo‘rayeva ayni vaqtda Andijon viloyati Ulug‘nor tumani shoshilinch tibbiyot markazida davolanmoqda.

Bosh prokuratura munosabati

Mazkur murojaat yuzasidan Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov izoh berdi.

Aniqlanishicha, 22 noyabr kuni bloger Fatima Jo‘rayeva Ulug‘nor tumani IIBga murojaat qilib, aybdor korxona xodimlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Hozirda mazkur murojaat bo‘yicha tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Fatima Jo‘rayevaning olgan tan jarohatlarini og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Tekshiruv harakatlari Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan.

Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasining Kun.uz`ga ma’lum qilishicha, Fatima Jo‘rayeva kaltaklanmagan. Korxona matbuot xizmati ayolning o‘zi janjal yaratmoqchi bo‘lganini aytdi. Korxona ayolning “Menda epilepsiya bor” deb baland ovozda qichqirgani va stol ustiga bir dasta qog‘oz uloqtirgani aks etgan video tasvirni taqdim etdi.