Prezident Shavkat Mirziyoyev «2022−2023 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturini ishlab chiqish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoyishini imzoladi.

Mazkur hujjat «ma’muriy islohotlarni izchil davom ettirish yo‘lida o‘z yechimini kutayotgan masalalarni hal etish, Yangi O‘zbekiston sharoitida davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati tizimining samaradorligini oshirish, ular faoliyatini natijadorlikka yo‘naltirish orqali aholi farovonligini ta’minlash va «mobil boshqaruv apparati»ni yaratish»ga qaratilgani aytilgan.

Farmoyish bilan Ma’muriy islohotlar dasturini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tuzilib, unga bosh vazir Abdulla Aripov va prezident Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov rahbarlik qiladi.

Shuningdek, davlat boshqaruvi organlarining maqomini belgilash, tuzilmalarini takomillashtirish va shtat birliklarini maqbullashtirish, davlat boshqaruvi organlari faoliyatida raqamli texnologiyalar, ochiqlik va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, kadrlar salohiyatini oshirish, davlat organlarida korrupsiyaning oldini olish va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish uchun vazirlar boshchiligida ishchi guruhlar tuzildi.

Ishchi guruhlar 2022 yil 20 yanvarga qadar har tomonlama asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqib, prezident Administratsiyasiga taqdim etishi lozim.

Ishchi guruhi a’zolari asosiy ish joyidagi vazifalardan to‘liq ozod qilinadi hamda tegishli davr mobaynida ular uchun qonunchilikda belgilangan barcha shart-sharoitlar saqlab qolinadi.

Guruhlar o‘z faoliyatida rivojlangan mamlakatlar tajribasini, xalqaro institutlarning tavsiya va takliflarini o‘rganadi. Zaruriyat bo‘lganda, guruhlar a’zolari boshqa davlatlarga qisqa muddatli xizmat safarlarini amalga oshiradilar.

Respublika komissiyasi 2022 yil 10 fevralga qadar tayyorlangan takliflarni ko‘rib chiqishi va 20 fevralga qadar har bir yo‘nalish bo‘yicha Prezidentga taqdimot qilishi kerak.

1 martga qadar 2022−2023 yillarda Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni tasdiqlashni nazarda tutuvchi prezident farmoni loyihasi tayyorlanishi kerak.

2017 yil sentabr oyida prezident farmoni bilan O‘zbekistonda Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi tasdiqlangan edi. U «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» tamoyili va fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga, shuningdek, davlat boshqaruvining samarali va shaffof tizimini joriy etishga, mamlakatning xalqaro maydonda raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.