Ijtimoiy tarmoqlarda 16−20 yosh atrofidagi yigit Toshkentning Yashnobod tumanida mushuklarni qiynagani va o‘ldirgani aks etgan videolavhalar tarqaldi. Yigit mushuklarni paket yordamida aldab ushlagan va ularni pod’ezdga olib kirib, qiynagan. 40 daqiqa ichida u 5 ta mushukni qiynagan va ularning birini o‘ldirgan.

Mazkur holat yuzasidan poytaxt IIBB axborot xizmati izoh berdi.

Ta’kidlanishicha, ushbu holat 16 noyabr kuni taxminan soat 15:00 da Yashnobod tumanida kuzatuv kameralari orqali qayd etilgan.

Videodagi yigit — 20 yoshli I. A. Yashnobod tumani IIO FMB 1-son ichki ishlar bo‘limiga yetkazilgan, suhbat davomida u qilmishiga iqror bo‘lgan. Hozirgi vaqtda mazkur holat bo‘yicha tergov oldi tekshiruvi o‘tkazilmoqda, uning natijalariga ko‘ra qonuniy chora ko‘riladi.