2021 yil yanvar-oktabr holatiga O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 32,6 mlrd dollarni tashkil etdi, deya xabar bermoqda Statistika qo‘mitasi. O‘tgan o‘n oylik davrda 7,8 mlrd dollar miqdorida passiv tashqi savdo balansi qayd etildi. Passiv balans 2020 yilning mos davriga nisbatan ikki baravardan ziyodroqqa o‘sdi.

Yanvar-oktabr holatiga tashqi savdo tarkibida eksport va import hajmi quyidagicha:

  • Eksport — 12,4 mlrd:
  • mahsulotlar — 10,3 mlrd (shu jumladan, oltin — 2,4 mlrd);
  • xizmatlar — 2,1 mlrd.
  • Import — 20,2 mlrd:
  • mahsulotlar — 18,8 mlrd;
  • xizmatlar — 1,4 mlrd.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, tashqi savdo aylanmasi hajmi 2020 yilning mos davriga nisbatan 2,5 mlrd dollarga yoki 8,5 foizga oshdi. Biroq pandemiyagacha bo‘lgan davr, xususan 2019 yildagi ko‘rsatkichga (34,3 mlrd dollar) yetib kelganicha yo‘q. Shunga qaramay, tashqi savdo aylanmasi tarkibida import hajmi shiddat bilan o‘sib bormoqda.

Davlat Statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida «Gazeta.uz» tomonidan ishlangan.

O‘n oyda import hajmi 2020 yilning mos davriga nisbatan 20,5 foizga, 2019 yilning dastlabki o‘n oylik ko‘rsatkichlariga qaraganda 1,5 foizga o‘sgan. Tashqi savdo umumiy hajmida importning ulushi qariyb 62 foizni tashkil etmoqda.

Jami eksport hajmi esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 93,3 foizgacha qisqargan. Ta’kidlash joizki, tashqi savdo tarkibida oltinsiz eksport hajmi (10,1 mlrd dollar) ortib borayotganiga qaramay (o‘sish — 33,9 foiz), hali pandemiyagacha bo‘lgan davrdagi ko‘rsatkichga (10,3 mlrd dollar) yetmagan.

Hisobot davriga ko‘ra jami eksport tarkibida sanoat tovarlari — 28,0 foiz, oltin — 19,0 foiz hamda xizmatlar — 16,7 foiz ulush bilan yetakchilik qilmoqda. O‘tgan o‘n oyda 1,8 mlrd dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari, 1,3 mlrd dollarlik rangli metallar, 0,7 mlrd dollarlik meva-sabzavotlar, 0,6 mlrd dollarlik gaz va 0,5 mlrd dollarlik kiyim-kechaklar eksport qilingan.

Import tarkibida eng yuqori ulush mashinalar va transport asbob-uskunalari (33,4%), sanoat tovarlari (18,5%) hamda kimyoviy vositalar va boshqa toifalarga kiritilmagan shunga o‘xshash mahsulotlar (14,4%) hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Yanvar-oktabr oylarida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ulushga ega bo‘lgan hamkor davlatlar

Hamkor davlatlar
Tashqi savdo aylanmasi, mlrd dollar
Eksport, mlrd dollar
Import, mlrd dollar
Xitoy
6,08
2,06
4,02
Rossiya
5,87
1,68
4,19
Qozog‘iston
3,16
0,95
2,21
Turkiya
2,71
1,36
1,35
Koreya Respublikasi
1,53
0,04
1,48
Qirg‘iz Respublikasi
0,77
0,64
0,13
Germaniya
0,62
0,05
0,57
Turkmaniston
0,55
0,15
0,40
Ukraina
0,54
0,17
0,36
Afg‘oniston
0,52
0,52
0,002

Ta’kidlash joizki, yirik hamkor davlatlarning aksariyati, jumladan, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Koreya bilan tashqi savdo aylanmasida import hajmi eksport hajmidan sezilarli darajada yuqori.

Mamlakat tashqi savdo aylanmasida MDH davlatlari ulushi ortib bormoqda. Xususan, yanvar-oktabr holatiga tashqi savdo aylanmasining uchdan bir qismi yoki 37,8 foizi MDH davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Ma’lumot uchun, yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 28,2 mlrd dollarni tashkil etgan edi.