Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestasiyasi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi buyrug‘i davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, deb xabar berdi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, yakuniy davlat attestatsiya sinovidan o‘ta olmagan shaxs keyingi har bir o‘quv yilida (3 yil davomida) o‘z arizasiga muvofiq 2 martagacha imtihonni qayta topshirish huquqiga ega.

Hujjatga ko‘ra, imtihondan o‘ta olmagan shaxs keyingi o‘quv yili boshlanganidan keyin yakuniy davlat attestatsiya sinovini qayta topshirishga ruxsat berishni so‘rab OTM rektori (filial direktori) nomiga ariza bilan murojaat qilishi mumkin.

Oldingi tartib bo‘yicha bitiruvchi yakuniy davlat attestasiyasi sinovidan o‘ta olmagan taqdirda keyingi yillarda qayta topshirish huquqiga ega bo‘lgan.

Ushbu holat talaba uchun birmuncha qiyinchiliklar, xususan uning bir yillik qimmatli vaqtini maqsadli sarflay olmasligiga sabab bo‘lib kelgani qayd etildi.