O‘zbekistonda pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 2021 yil 1 noyabr holatiga 4 mln nafardan ko‘proqni (bundan, 2 mln 269,9 ming nafari (56,7 foizi) ayollar) yoki aholi sonidagi ulushi 11,5 foizni tashkil qildi. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati xabar berdi.

Shundan:

  • qariyb 3 mln nafari (74,1%) — yoshga doir pensiya (bundan, 1 mln 898 ming nafari yoki 64 foizi ayollar);
  • 397,6 ming nafari (9,9%) — nogironlik pensiya (163,5 ming nafari yoki 41,1 foizi ayollar);
  • 198,6 ming nafari (5,0%) — boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini oluvchi oilalar;
  • 440,8 ming nafari (11,0%) — nafaqa oluvchilar tashkil qildi (bundan, 208,3 ming nafari yoki 47,3 foizi ayollar).

Pensiya va nafaqa oluvchilar soni 2021 yil boshiga nisbatan 178,6 ming nafarga (4,7%) ko‘paygan. 2021 yil 1 yanvar holatiga nisbatan yoshga doir pensiya oluvchilar soni -117,7 ming nafarga (4,1%), nogironlik pensiyasi oluvchilar soni — 11 ming nafarga (2,9%), boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchi oilalar soni — 9,6 mingtaga (5,1%) va nafaqa oluvchilar soni — 40,2 ming nafarga (10,0%) ortdi.

2021 yilning yanvar-oktabr oylarida 327,5 ming nafar fuqarolarga yangi pensiya va nafaqalar tayinlangan. Shundan, 215,1 ming nafariga (65,7%) yoshga doir pensiya, 29,9 ming nafariga (9,1%) nogiron shaxs sifatida pensiya, 19,6 ming oilaga (6%) boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi va 62,9 ming nafariga (19,2%) nafaqalar belgilangan.

2020 yilning mos davri bilan solishtirganda, 57,9 ming nafar yoki 21,5% ko‘proq fuqarolarga pensiya va nafaqa tayinlangan.

Avvalroq, O‘zbekistonda bir oylik o‘rtacha pensiya miqdori e’lon qilingandi. unga ko‘ra, 2021 yilning sentabr oyida respublika bo‘yicha bir oylik o‘rtacha pensiya miqdori 924 780 so‘mni tashkil etgan.

Shuningdek, Moliya vazirligi pensiya to‘lovi hamda nafaqa tayinlash uchun zarur hujjatlar haqida ma’lumot olish mumkin bo‘lgan @pensiyauzbot Telegram-botini ishlab chiqdi. U orqali pensiya jamg‘armasiga murojaat yo‘llash imkoniyati ham mavjud.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilgi davlat budjeti loyihasiga ko‘ra, ish haqi, pensiya, stipendiya, nafaqalar miqdorlari oshiriladi. Bu xarajatlar uchun budjetdan 11,7 trln so‘m yo‘naltiriladi.