22 noyabr kuni Buyuk Britaniya qirolichasining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha savdo komissari janob Kenan Poleo va investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga. Ishtirokchilar anjumanda O‘zbekiston Buyuk Britaniyaning Kengaytirilgan preferensiyalar bosh tizimiga (Kengaytirilgan GSP tizimi) qo‘shilishi mavzusiga to‘xtaldi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston 1 noyabrda Buyuk Britaniyaning Kengaytirilgan GSP tizimi a’zoligiga rasman qabul qilingan. Ushbu tizimga qo‘shilish doirasida respublika tomonidan inson va mehnat huquqlariga, atrof-muhit va iqlim muhofazasi va sifatli davlat boshqaruvga oid 27 ta asosiy xalqaro konvensiyalar ratifikatsiya qilingan va ularning normalarini samarali amalga oshirish talab etiladi. Shu munosabat bilan, mazkur xalqaro konvensiyalar doirasidagi majburiyatlarni bajarish yuzasidan monitoring jarayoni bo‘yicha hamkorlik ishlari olib borilmoqda.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston ushbu tizimga qo‘shilgan birinchi davlat bo‘ldi. Tizim doirasida O‘zbekistonda 7800 dan ortiq tovarlarga boj to‘lovisiz eksport qilishi mumkin.

Bungacha O‘zbekiston Preferensiyalarning umumiy tizimining (GSP General Framework) asosiy sxemasidan foydalangan bo‘lib, unga ko‘ra o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar Buyuk Britaniyaga 3000 ga yaqin mahsulotni bojxona to‘lovlarisiz va 3200 nomdagi tovarlarni pasaytirilgan stavkalarda eksport qilishi mumkin edi.

«Xususan, ushbu tovar pozitsiyalari qatorida respublikaning asosiy eksport salohiyatiga ega bo‘lgan keng turdagi tekstil mahsulotlari, oyoq qiyim, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, transport vositalari, mineral o‘g‘itlar, neft va kimyo sanoati mahsulotlari, qurilish materiallari, keramika va metall mahsulotlari hamda texnologik uskunalar bojxona boji to‘lashdan ozod etilgan», — deya ma’lum qildi Innovatsiya vazirligi.

«Buyuk Britaniya o‘sib borayotgan va rivojlanayotgan mamlakatlardagi qashshoqlikni kamaytirish uchun savdodan foydalanish imkonini berish tarafdori. GSP bu borada Buyuk Britaniyaning dinamik bozoriga imtiyozli kirishni ta’minlashda juda muhim rol o‘ynaydi. Bu, o‘z navbatida, aholi jadal o‘sib borayotgan va yosh aholiga ega O‘zbekistonda ish o‘rinlari yaratish va tadbirkorlikni rag‘batlantirishga xizmat qiladi», — dedi Kenan Poleo.

GSP EF sxemasi rivojlanayotgan mamlakatlar uchun Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqqanidan keyin joriy qilingan va Yevropa Ittifoqining «GSP+» tizimining analogi hisoblanadi (O‘zbekiston aprel oyidan buyon uning a’zosi hisoblanadi).

Kengaytirilgan GSP tizimi benefitsiarligi O‘zbekistonga umumiy qiymati 437 milliard funt sterlingdan (taxminan 585,5 mlrd dollar) ortiq dunyoning yetakchi xalqaro iste’mol va chakana savdo bozoriga kirish imkonini beradi.

Buyuk Britaniya uchun esa mintaqaviy markaz bo‘lib xizmat qiladigan va mintaqaning eng jadal o‘sayotgan va rivojlanayotgan bozoriga kirishni osonlashtiradi hamda O‘zbekistonning noyob to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va boshqa turli xil mahsulotlariga yo‘l ochadi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning noyabr oyi oxirida Yevropa komissiyasi O‘zbekistonga «GSP+» Preferensiyalar bosh tizimi plyus benefitsiar — mamlakati maqomini berish bo‘yicha muddatidan oldin ijobiy qaror qabul qilgan edi.