Kreml Turkiya prezidenti Rejep Toyyib Erdog‘anga sovg‘a qilingan turk dunyosi xaritasi bilan tushgan fotosuratga munosabat bildirib, uning markazi Rossiyada, Oltoyda ekanligini bildiruvchi qizil yulduz yo‘qligidan afsusda ekanini ta’kidladi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

«Turk hamkorlarimiz turkiy birlik g‘oyasini ilgari surmoqda, bu normal holat. Men afsusda bo‘lishim mumkin bo‘lgan yagona narsa shuki, turk dunyosining markazida xaritada haligacha katta qizil yulduz yo‘q. U Turkiyada emas, u Rossiya Federatsiyasi hududida, Oltoyda, har qanday turk uchun muqaddas bo‘lgan o‘sha ona zaminda joylashgan», — dedi prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov «Rossiya 1» telekanalining «Moskva. Kreml. Putin.» dasturida jurnalist Pavel Zarubin bilan suhbatda.

U bu so‘zlarni turkshunos sifatida aytayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Mazkur xaritani Erdog‘anga Milliyatchi harakat partiyasi rahbari Devlet Bahcheli tortiq qildi. Qayd etilishicha, mazkur xarita shaxsan Devlet Bahcheli boshchiligida tuzilgan bo‘lib, unda Rossiya Janubining bir qismi, Sharqiy Sibir, shuningdek, Bolqon yarim orolining bir qismi, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumani, Mo‘g‘iliston va Eronning ayrim hududlari, Qibris va Trakya aks ettirilgan.

Turk ommaviy axborot vositalarining ma’lum qilishicha, mazkur fotosuratga yunon matbuoti ham munosabat bildirgan. Xususan, Yunan Greek City Times ushbu fotosuratni «quyushqondan chiqaruvchi» deya baholadi.