Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy guruhiga a’zo davlatlar O‘zbekistonning Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasovni 2022 yil uchun BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi (IHK) raisining o‘rinbosari lavozimiga bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi, deya xabar berdi Tashqi ishlar vazirdigi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi byurosi tarkibi tashkilot raisi hamda uning turli geografik guruhlardan saylangan to‘rtta o‘rinbosaridan tashkil topgan.

O‘zbekistonning doimiy vakili nomzodi ko‘rsatilgan Osiyo-Tinch okeani mintaqasi BMTning IHK tizimidagi eng yiriklardan biri hisoblanadi. Guruhda 56 ta davlat bor.

Joriy yil oktabr oyida O‘zbekiston tashabbusi bilan Kengash tomonidan Pandemiya davrida yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi birinchi rezolyutsiyasi qabul qilingan. Mazkur hujjat BMT IHKning barcha a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va 60 ga yaqin davlat unga hammualliflik qilgan.

BMT IHK tarkibiga 47 davlat kiradi hamda butun dunyo bo‘ylab inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilishga mas’ul tuzilma hisoblanadi. Kengash vakolatiga inson huquqlari sohasidagi e’tiborga molik bo‘lgan barcha masalalar va vaziyatlarni muhokama qilish kiradi.

Kengash majlislari BMTning Jenevadagi vakolatxonasida o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda O‘zbekiston 2021−2023 yillar mobaynida BMT IHKning to‘laqonli a’zosi etib saylangan.