Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 noyabr kuni Toshkent metropolitenini rivojlantirish loyihasi taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda transport vaziri Ilhom Mahkamov «Buyuk ipak yo‘li» bekatidan TTZ massivigacha (Toshkent traktor zavodi) yer osti metro liniyasini qurish rejasini taqdim etdi.

Yer osti liniyasini yotqizishning ikkita varianti ishlab chiqilmoqda — Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi yoki Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi orqali.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, birinchi holatda liniya uzunligi 8,6 km bo‘lib, u 6 ta stansiyani o‘z ichiga oladi, o‘tkazish qobiliyati kuniga 62 ming yo‘lovchini tashkil qiladi. Loyiha qiymati 220 mln dollardan ortiq, 1 km narxi 24,3 million dollarga baholanmoqda.

Ikkinchi variantda esa masofa salkam 8 km bo‘lib, kuniga 55 ming kishiga xizmat ko‘rsatilishi mumkin. Qurilish ishlari besh yilga mo‘ljallangan.

Bundan tashqari, yerusti metrosining ikkinchi bosqichiga ko‘ra, Qo‘yliq dahasidan Sergeli yo‘lining 5-bekatigacha 11 kilometrdan ziyod estakada quriladi. Bekatlar soni yettita bo‘lishi, kuniga 38 ming yo‘lovchi tashilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, taqdimotda aytilishicha, Qipchoq ko‘chasida halqa metrosini qurishdagi «muammoli» qurilish qismi ham muhokama qilingan. Slaydlardan birida ikkita bekatdan iborat 3,85 km uzunlikdagi uchastkani qurish bo‘yicha ikkita taklif ko‘rsatilgan.

Birinchi variantda yerusti (estakada) metro qurish taklif etilmoqda, loyiha qiymati 77,8 mln dollar (1 km uchun 20,2 mln dollar) deb baholanmoqda, qurilish muddati 1 yil 3 oyni tashkil qiladi. Shu bilan birga, 263,7 mlrd so‘m xarajat qiladigan 132 ta bino buzilishi, 312 ta daraxt kesilishi (narxi 10,3 mlrd so‘m), shuningdek, 7,8 km uzunlikdagi muhandislik tarmoqlari (23,8 mlrd so‘m) ko‘chirilishi kerak bo‘ladi.

Ikkinchi variantda esa yerosti metrosini qurish taklif qilinmoqda, biroq qurilish ishlari 15 foizga qimmatroq bo‘ladi — 89,4 mln dollar (1 km uchun 23,2 mln dollar) sarflanadi va uni amalga oshirish 3 yil davom etadi. Shu bilan birga, 27 ta bino buzilishi (narxi — 35,7 mlrd so‘m), 93 ta daraxt (1,9 mlrd so‘m) — kesilishi kerak bo‘ladi. Bu holatda 2,34 km (10,3 mlrd so‘m) kommunikatsiyalarini ko‘chirish kerak bo‘ladi.

Prezidentga metropolitenning yangi bekatlarini loyihalash bo‘yicha loyiha takliflari ham taqdim etildi.

«Gazeta.uz» loyihaning to‘liq taqdimotini olish uchun Transport vazirligiga murojaat qildi, biroq javob ololmadi.

«Gazeta.uz» o‘tgan yilning dekabr oyi oxirida Chilonzor liniyasini TTZ massivigacha uzaytirish rejalari haqida yozgan edi. Loyihada 7,9 km uzunlikdagi liniya, shu jumladan 4 ta stansiya taklif qilingan. Qurilish 2021−2023 yillarga mo‘ljallangan. Ushbu qaror yo‘lovchi tashish hajmini kuniga 50 ming kishiga oshirishi kutilgan edi.

Taqiqlangan tabu mavzusi

Mutaxassislar va oddiy toshkentliklar qurilishi davom etayotgan va taklif etilayotgan metro liniyalari avvallari tramvay yurgan ko‘chalar bo‘ylab o‘tishiga e’tibor qaratmoqda. Xuddi shu narsani qayta-qayta e’lon qilingan, lekin amalga oshirilmagan maxsus tezyurar avtobus liniyalari (BRT) qurish rejalari haqida ham aytish mumkin. Biroq 2016 yilda yo‘llarni kengaytirish va xalq bilan maslahatlashmasdan (metro qurilishi kabi) chorrahalar qurish bahonasi bilan yopilgan tramvay mavzusi Toshkent uchun tabu bo‘lib qolmoqda. O‘tgan yillar davomida poytaxt va mamlakat rahbarlarining chiqishlarida bu mavzu biror marta ham ko‘tarilmagan. Biror marta xorijlik ekspertlar jalb qilingan birorta tadbirda ochiq muhokama qilinmagan.

Jamoat transportining jiddiy yomonlashuviga qaramay, ayni paytda ko‘plab poytaxtlar LRT (yengil temir yo‘l)ga tobora ko‘proq tayanayotganiga qaramay, Toshkent global tendensiyalarni e’tiborsiz qoldirishda davom etmoqda. U qulay, keng, ekologik toza, bardoshli, harakatlanish imkoniyati cheklangan odamlar uchun qulay (metrodan farqli o‘laroq), amalda shovqinsiz va metro yeta olmaydigan hududlarni qamrab oladi. LRT qurilish xarajatlarining sezilarli darajada pastligi va yo‘llarni qurish uylarni keng miqyosda buzish hamda daraxtlarni kesishni talab qilmasligi bilan ham e’tiborga loyiq.

«[Yangi metro liniyalari ishga tushirilgandan] keyin ham magistral transport ta’minlanmagan yoki uni BRT avtobusi sifatida joriy etish hech qanday samara bermaydigan hududlar bo‘ladi… Bu borada jahon tajribasiga tayangan holda va ehtimol xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda va moliyaviy qarzlar bilan hech bo‘lmaganda Toshkentda zamonaviy tramvayning tajriba loyihasini amalga oshirish maqsadga muvofiq bo‘lardi», — deyiladi 2017 yilda «Gazeta.uz»da chop etilgan maqolalardan birida. Ushbu mavxu hozir ham dolzarb bo‘lib qolmoqda va biz uni qayta o‘qishni maslahat beramiz.

«Har qanday holatda ham ushbu mavzu muhokama qilinishi kerak, shuningdek, shahar iqtisodiyotining ishlashi va fuqarolar uchun qulay muhit yaratishning boshqa ko‘plab masalalari kabi», — deyiladi o‘sha maqolada.