Sog‘liqni saqlash vazirligi shifoxonalardagi tozalik holatini alohida nazoratga olganligini ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida bemorlarning shifokor qabuliga uzoq navbat kutishi, tibbiyot xodimlarining ortiqcha qog‘ozbozliklar bilan bog‘liq yuklamalari ko‘pligi kabi kamchiliklar qatorida joylardagi aksariyat davolash-profilaktika muassasalarida sanitariya-gigiyena me’yorlariga yetarli darajada e’tibor berilmayotgani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, hududlardagi bir qator shifo maskanlarida parazitar va yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish, sanitariya qoidalari va gigiyena normalariga amal qilinishini ta’minlash, fuqarolar uchun bu borada zarur shart-sharoit yaratish bo‘yicha ishlar jiddiy oqsayotgani aniqlangan.

«Shundan kelib chiqqan holda Sog‘liqni saqlash vaziri B. Musayev tizimdagi barcha muassasa rahbarlariga mazkur yo‘nalishdagi muammolarni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma berdi», — deyiladi vazirlik xabarida.

Vazir ko‘rsatmasiga binoan, SSV tasarrufidagi barcha davolash-profilaktika muassasalarida 3 kun ichida tegishli talablarga javob bermaydigan sanitariya-gigiyena xonalarini ta’mirdan chiqarish, barcha zarur tozalik vositalari (sovun, suyuq sovun, bir martalik qog‘oz sochiq, urna va boshqa tozalash anjomlari) bilan doimiy ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga zarur topshiriqlar berildi.

Shuningdek, endilikda davolash-profilaktika muassasalari faoliyati samaradorligini baholashda ulardagi sanitariya-gigiyena holati ham alohida mezon sifatida belgilanadigan bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda SSV tizimida jami 3365 ta muassasa faoliyat ko‘rsatmoqda. Jumladan, ularning:

  • 207 tasini tuman va shahar tibbiyot birlashmasi,
  • 208 tasini ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika,
  • 995 tasini oilaviy poliklinika,
  • 863 tasini oilaviy shifokor punkti,
  • 11 tasini oliy ta’lim muassasasi,
  • 75 tasini o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash ta’lim muassasasi tashkil etadi.