O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan tashrif bilan Rossiyaga jo‘nab ketdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Oliy darajadagi muzokaralar bugun Moskva shahrida bo‘lib o‘tadi. Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilinishi, qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining Rossiyaga davlat tashrifi 2020 yilning fevral oyida rejalashtirilgan edi. O‘sha yilning fevral oyida tashrif iyunda bo‘lib o‘tishi xabar qilingan, biroq koronavirus pandemiyasi tufayli qoldirilgan.

Joriy yilning mart oyida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan muzokaralarda bu tashrifni oktabr oyidagi prezident saylovlariga qadar yoki undan keyin tashkillashtirish rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev 2017 yil aprel oyida davlat tashrifi bilan Moskvaga bordi. 2018 yil oktabrda Vladimir Putin davlat tashrifi bilan Toshkentga keldi.