18 noyabr kuni Bosh prokuraturada kengaytirilgan hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda idora matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, hay’at yig‘ilishida mamlakatda qonuniylikni ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar hududlar kesimida, aniq raqam va misollar asosida ko‘rsatib berildi.

Qayd etilishicha, yig‘ilishda prokuratura organlarining ba’zi xodimlari tomonidan sodir etilgan nojo‘ya va nomunosib xatti — harakatlar, shu jumladan korrupsiyaviy holatlar hamda bularga imkon bergan sabab va shart — sharoitlar keskin tanqid qilindi.

Muhokama natijasiga ko‘ra, faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan hamda xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lgan 18 nafar xodimlarga intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.

Shu bilan birga, xodimlar mas’uliyatini tubdan oshirish, prokuratura xodimi degan nomga dog‘ tushuruvchi nojo‘ya xatti — harakatlar sodir etmasliklari haqida qat’iy ogohlantirilgan.

“Yig‘ilishda ko‘rsatib o‘tilgan xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik, xodimlar tomonidan o‘z xizmat burchiga mas’uliyat, sadoqat va halollik bilan yondashishlarini hamda har qanday qonun buzilishiga, ayniqsa, korrupsiya holatlariga qarshi murosasiz kurashishlarini ta’minlash borasida zarur chora — tadbirlar belgilandi”, — deyiladi xabarda.