Prezident 18 noyabr kuni “Toshkent viloyati teleradiokanalini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarorga imzo chekdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimida Toshkent viloyati teleradiokanali — Nurafshon TV tashkil etiladi.

Toshkent viloyati teleradiokanalining asosiy vazifalari etib “viloyatning ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va madaniy-ma'rifiy hayotida ro‘y berayotgan islohotlar, farovonlik, taraqqiyot va bunyodkorlik yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar hamda yaratilgan imkoniyatlar haqida aholini muntazam xabardor qilib borish” belgilandi.

Telekanal, shuningdek, “joylarda islohotlarni amalga oshirishga to‘siq bo‘layotgan omillarni keng jamoatchilik muhokamasiga olib chiqish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar faoliyati yuzasidan samarali va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish"ga ko‘maklashishi kerak.

Vazifalar ro‘yxatida “aholining siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, ularda qat’iy fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, sifatli davlat xizmatlarini ko‘rsatish va ulardan samarali foydalanish masalalarini tele- va radiodastur orqali yoritish” ham o‘rin olgan.

Telekanalda “hududning tarixi, madaniyati, san’ati, adabiyoti va urf-odatlari, boy tabiati, so‘lim go‘shalari va turizm salohiyatini aks ettiruvchi, ularni o‘rganish, asrab-avaylash va keng targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan ko‘rsatuv va eshittirishlar” tayyorlanadi.

Bundan tashqari, telekanal “aholining intellektual va madaniy saviyasini oshirish, fuqarolarning ongida demokratik qadriyatlarni mustahkamlash, yoshlar va o‘sib kelayotgan avlodni vatanparvarlik, umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish va millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalashni targ‘ib qilish” bilan ham shug‘ullanadi.

Toshkent viloyati teleradiokanali xodimlarining cheklangan shtatlari soni 69 nafar, shu jumladan, boshqaruv xodimlari soni 4 nafardan iborat bo‘lishi belgilandi.

Viloyat teleradiokanalining tashkiliy tuzilmasi Milliy teleradiokompaniya tizimidagi tegishli tashkilotlarning tuzilmasini maqbullashtirish va mavjud shtatlarni qisqartirish hisobiga tashkil etiladi.

Nurafshon shahrida Toshkent viloyati teleradiokanali uchun bino qurishga 1,3 gektar yer maydoni ajratildi.

2023 yil oxirigacha Toshkent viloyati teleradiokanali efir signalini raqamli televideniyening umumiy foydalaniladigan ijtimoiy paketida Toshkent viloyati hududiga to‘liq yetkazilishi kerak.