17 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (Narxoz) 90 yilligini nishonlash uchun 300 ming dollar pul ajratilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. «Gazeta.uz» muxbiri ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida universitet matbuot xizmati bilan bog‘landi.

Ma’lum qilinishicha, TDIUning 90 yilligini nishonlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, barcha tadbirlar uchun universitetning budjetdan tashqari hamda homiylar mablag‘lari hisobidan 2 mlrd 250 mln so‘m yo‘naltirilishi belgilangan.

«Bunda xarajatlarning eng katta qismini kredit-modul tizimi bo‘yicha 238 nomdagi yangi o‘quv adabiyotni nashrga tayyorlash va chop etish tashkil etadi (umumiy xarajatlarning 80 foizi)», — universitet matbuot xizmati izohida.

Shuningdek, mazkur xarajatlar doirasida 90 yillik yubileyni nishonlash bilan birgalikda bir qancha tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan. Jumladan:

  • «Zakovat» intellektual o‘yini;
  • Anatoliy Yevgenevich Karpov ishtirokida TDIU shaxmat maktabi ochilishi tadbiri;
  • 26−27 noyabr kunlari «Yangi O‘zbekistonni innovatsion, ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishida zamonaviy ta’lim muassasasining o‘rni» mavzusi doirasidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanni o‘tkazish;
  • «Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti — 90 yoshda» nomli hujjatli film tayyorlash;
  • TDIU yubileyi logotipini ishlab chiqish hamda mehmonlar uchun yubiley esdalik sovg‘alarini tayyorlash (papka, bloknot, kalendar, ruchka, sumka va h.k.);
  • Universitetning eng yaxshi professori, ilmiy xodimi, murabbiysi, talabasi va xizmatchi xodimi kabi tanlovlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Shu o‘rinda universitet matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar bir tomonlama ekanligini, bundan tashqari universitetga nisbatan negativ kayfiyat hamon saqlanayotgani hamda buning natijasida shu kabi xabarlar paydo bo‘layotganini bildirdi.

«Qilinayotgan xarajatlarning barchasi universitetning nufuzini xalqaro darajada oshirish, ilmiy salohiyatini yuksaltirish, o‘qish uchun qulay muhit yaratish, talabalarning aqliy qobiliyatini oshirish kabi kompleks chora-tadbirlarga qaratilganini eslatib o‘tish joiz», — deyiladi izohda.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin TDIU sobiq prorektori firibgarlik va mansab soxtakorligida ayblanib, qidiruvga berilgani haqida xabar berilgandi.