18 noyabr kuni Moskva shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi, deb xabar berdi TIV matbuot xizmati.

Uchrashuv chog‘ida ikki mamlakatning xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida yaqin aloqalarni davom ettirish va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi bildirildi. Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.


Rossiya TIV matbuot xizmati xabar berishicha, vazirlar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi arafasida o‘z pozitsiyalarini solishtirdi, uning mazmun-mohiyati va Rossiya-O‘zbekiston sammiti yakunlari bo‘yicha qabul qilinadigan hujjatlar ro‘yxatini ko‘rib chiqdi. Rossiya-O‘zbekiston munosabatlariga oid keng ko‘lamli masalalar, xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.

Abdulaziz Kamilov va Sergey Lavrov xalqaro axborot xavfsizligi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni, biologik xavfsizlik bo‘yicha hukumatlararo anglashuv memorandumini, shuningdek, Rossiya va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi 2022−2023 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini imzoladilar.

«Global, mintaqaviy kun tartibining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha pozitsiyalarimiz mos kelishi va katta o‘xshashligini mamnuniyat bilan qayd etamiz. Bu Afg‘onistondagi vaziyatga to‘liq taalluqlidir. Bu hozir hammaning og‘zida va biz bu borada faol ishlayapmiz», — dedi Sergey Lavrov.

Shuningdek, uning ta’kidlashiga ko‘ra ,Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin uchrashuvi doirasida turli sohalardagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan 18 ta hujjat imzolanmoqda.

«Xalqaro yadro va radiatsion xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risidagi bitim, qurilish, energetika, ustuvor sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishga oid hujjatlarni alohida ta’kidlamoqchiman», — deya qo‘shimcha qildi Rossiya TIV rahbari.