Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga jo‘nab ketdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan tashrif bilan Rossiyaga jo‘nab ketdi.

Abdulaziz Kamilov Sergey Lavrov bilan uchrashdi

O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Kamilov Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi. Vazirlar xalqaro axborot xavfsizligi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni, biologik xavfsizlik bo‘yicha hukumatlararo anglashuv memorandumini, shuningdek, Rossiya va O‘zbekiston TIVlari o‘rtasidagi 2022−2023 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini imzoladilar.

“Afg‘oniston muammolarini qo‘shni davlatlar zimmasiga yuklamaslik kerak” — TIV rahbari

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov belgiyalik jurnalistning O‘zbekiston Afg‘oniston hukumatini shakllantirishda “Tolibon"ga ta’sir o‘tkazishga urinyaptimi yoki bu harakat bilan munosabatlarni qanday ko‘zda tutayotgani haqidagi savollariga javob berdi. “Biz afg‘on muammosi yukini mintaqa davlatlarining yelkasiga yuklamaslik kerak”, — dedi vazir va ayrim davlatlar pul taklif qilayotgani va buning evaziga minglab afg‘on qochqinlarini qabul qilishni so‘rayotganini qo‘shimcha qildi. “Biz buni tushunmayapmiz”, — dedi Abdulaziz Kamilov.

O‘zbekistonda emlanishdan bosh tortgan 26 mingdan ortiq xodim ishdan chetlatildi

O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlari va budjet tashkilotlarida emlanishdan bosh tortgan jami 26 008 nafar shaxslar ishdan vaqtinchalik chetlatildi. Yana 2 225 ta xolatda ish beruvchiga nisbatan jarima chorasi, 175 ta obyektga nisbatan esa faoliyatini vaqtinchalik muddatga to‘xtatish chorasi qo‘llanildi.

Toshkent viloyati teleradiokanali tashkil etiladi

Prezident milliy teleradiokompaniya tizimida Toshkent viloyati teleradiokanali — Nurafshon TV`ni tashkil etish to‘g‘risidagi qarorga imzo chekdi. Telekanalning asosiy vazifalari islohotlar hamda yaratilgan imkoniyatlar haqida aholini muntazam xabardor qilib borish, hududning tarixi, madaniyati, san’atini keng targ‘ib qilish etib belgilandi.

Korrupsiya haqida xabar berganlarning qarindoshlari davlat himoyasida bo‘ladi

Prezident tomonidan imzolangan qonunga ko‘ra, endilikda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslarning qarindoshlari ham davlat himoyasida bo‘ladi. Ilgari faqat xabar bergan shaxslar nazarda tutilgan.

SSV shifoxonalardagi tozalik holatini alohida nazoratga oldi

SSV ishchi guruhi tibbiyot muassasalarining ishida kamchiliklarni aniqladi: uzun navbatlar, ortiqcha qog‘ozbozliklar va sanitariya-gigiyena me’yorlariga amal qilmaslik. Vazir Behzod Musayev barcha muassasalarning sanitariya-gigiyenik holatini zudlik bilan yaxshilash bo‘yicha topshiriq berdi.

Ota-onalar uchun Bebbo ilovasi ishga tushirildi

YUNICYeF O‘zbekistonda ota-onalar uchun 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar salomatligi va rivojlanishining barcha jihatlari bo‘yicha mutaxassislar maslahati bilan ta’minlab beruvchi Bebbo mobil ilovasini ishga tushirdi. Ilovada emlashlar, tibbiy ko‘riklar va bola hayotining boshqa muhim bosqichlarini ham qayd etib borish mumkin.

Hokimlik binosini ta’mirlash, hayfsan, mablag‘ ajratish — hokimlarning iste’foga chiqishdan oldingi qarorlari

Noyabr oyida Navoiy, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari hokimlari almashtirildi. Hududlar rahbarlari ishining so‘nggi kunlarida xilma xil qarorlarni imzoladilar — turli tashkilotlarga mablag‘ ajratishdan tortib, avtomobilni boshqa tashkilot balansiga o‘tkazishgacha. “Gazeta.uz” uch viloyat sobiq hokimlarining oxirgi qarorlarini o‘rganib chiqdi.

Senat favqulodda holat to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunni tasdiqladi

Senat “Favqulodda holat to‘g‘risida"gi konstitutsiyaviy qonunni tasdiqladi. Qonun favqulodda holatni joriy etish shartlari va tartibi, qo‘llaniladigan choralar va cheklashlar, fuqarolar huquqlarining kafolatlari, sudlar faoliyati va boshqa masalalarni tartibga soladi. Qonunga ko‘ra, mamlakat hududida favqulodda holat muddati 30 sutkadan oshmasligi kerak va bu muddat faqat prezident farmoni bilan uzaytirilishi mumkin, farmon esa parlament tomonidan tasdiqlanishi lozim.

Orolbo‘yida kardiologiya markazi ochiladi

Hukumat qarori bilan Orolbo‘yida kardiologiya tibbiyot markazi tashkil etiladi. Markaz Orolbuyi mintaqasidagi hamda Buxoro va Navoiy viloyatlarida tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatadi. Markaz kasalliklarning oldini olish, ularga tashxis qo‘yish, davolash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish bilan shug‘ullanadi.

Koronavirusga qarshi emlanuvchilarning 75 foizdan ortig‘i vaksinaning birinchi dozasini oldi

18 noyabrda O‘zbekiston hududlari bo‘ylab 297 753 doza COVID-19ga qarshi vaksina qo‘llanildi. Shu kungacha birinchi doza bilan emlanish ko‘rsatkichi emlanishi rejalashtirilgan qatlamga nisbatan 75,3 foizni tashkil qilmoqda.

“Pastkash erkaklari bor huquqni himoya qiluvchilar ishlayotgan jamiyatning borligi uyatli” — Rasul Kusherbayev

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev deputat ayol Feruza Babasheva atrofida bo‘layotgan voqealarga munosabat bildirdi. U ayolning bir erkak bilan birgalikdagi fotosuratlari va videosining ijtimoiy tarmoqlarga tarqalib ketganini keskin qoralab, “kim va nima bo‘lishidan qat’i nazar, odamni sindirish bunday usul bilan uyushtirilmasligini” ta’kidladi.

Senat rulda bluetooth orqali telefonda gaplashishga ruxsat beruvchi qonunni ma’qulladi

Senat mashina boshqarayotganda bluetooth va qo‘lni band qilmaydigan boshqa uskunalar orqali telefonda suhbatlashishga ruxsat beruvchi qonunni ma’qulladi. Pasport (ID-kartalar) bo‘lgan taqdirda, haydovchilik guvohnomasi, sug‘urta polisi va texpasportni olib yurish shart bo‘lmaydi. Monitor uchun jarima bekor qilinmoqda, sug‘urta polisi yo‘qligi uchun jarima pasaytiriladi. Qonun prezident tomonidan imzolanishi lozim.

Yoshlar, Navo va Kinoteatr kanallariga reklamadan daromad olishga ruxsat berildi

Yoshlar, Navo va Kinoteatr telekanallari ixtisoslashtirilgan reklama xususiyatiga ega bo‘lgan kanal sifatida faoliyat ko‘rsatishiga ruxsat berildi.

O‘zbekiston va Rossiya rubldagi hisob-kitoblarga o‘tishi mumkin

O‘zbekiston va Rossiya o‘zaro hisob-kitoblarda dollardan voz kechib, rublga o‘tishi mumkin. Rossiya iqtisodiy taraqqiyot vaziri Maksim Reshetnikovning ma’lum qilishicha, prezident Putin boshqa davlatlar bilan hisob-kitoblarda rubldan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha toshpiriq bergan. Iqtisodchi Otabek Bakirov mazkur mexanizm amaliyotga joriy etilsa, Rossiya bilan tashqi savdo salbiy saldosi oshishi mumkinligini qayd etdi.

Senatorlar “Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirishlarni ma’qulladi

Senatorlar tomonidan ma’qullangan “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, sotuvchiga to‘lov shakliga qarab tovarlarga turli narxlar belgilash taqiqlanadi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining ushbu sohadagi vakolatli davlat organi sifatidagi vakolatlari qonun hujjatlarida mustahkamlanmoqda.

Bosh prokuratura jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 18 nafar xodimni intizomiy jazoga tortdi

Bosh prokuratura hay’at yig‘ilishida 18 nafar xodim intizomiy jazoga tortildi. Ushbu xodimlar faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan hamda xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lgani uchun jazolangan.

OKMK mis boyitish fabrikasi qurilishi uchun €712 mln miqdorida kredit jalb qilindi

Rossiyaning VEB.RF rivojlanish korporatsiyasi OKMK tarkibida mis boyitish fabrikasi qurilishi qurish uchun davlat kafolati va ta’minotisiz 712 mln yevro miqdorida kredit ajratmoqda. Yangi inshoot hisobidan zavod 2028 yilga borib katodli mis ishlab chiqarishni yiliga 400 ming tonnaga yetkazishni rejalashtirmoqda.

Ai-80 benzinining birja narxlari pasayishni boshladi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va boshqa idoralarning aralashuvidan so‘ng Ai-80 rusumli benzinning birja narxlari pasaya boshladi. Uch kun ichida yoqilg‘i narxi 9 foizga arzonlashdi, xaridorlar soni esa keskin oshdi.

Inkuzart`ning yangi graffitisi yana bo‘yab tashlandi

Strit-art rassomi Inkuzart benzin narxi oshishiga ishora qilib, “O‘zbekneftgaz” yoqilg‘i quyish shoxobchasi yonidagi devorda yangi graffiti chizdi. Bir necha soatdan keyin rasm bo‘yab tashlandi.

Nogironligi bor bolalarni jamiyatdan ajratib qo‘yish amaliyotini to‘xtatishga chaqiraman — Ziroat Mirziyoyeva

“Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva imkoniyati cheklangan bolalarni jamiyatdan ajratib qo‘yish amaliyotiga chek qo‘yish va bu boradagi ezgu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. UNICEF`ning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xan bilan nogironligi bo‘lgan bolalarga nisbatan stigma va diskriminatsiyaga barham berish bo‘yicha umummilliy kampaniya boshlanishi e’lon qilindi.

Toshkentda yoshlar o‘rtasida 2025 yilgi Paraosiyo o‘yinlari o‘tkaziladi

Toshkentda yoshlar o‘rtasida 2025 yilgi Paraosiyo o‘yinlari o‘tkaziladi. Avvalroq O‘zbekiston 2025 yili yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan IV yozgi Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilishi haqida xabar berilgan. Prezident matbuot kotibining ma’lum qilishicha, “shu paytgacha hech qaysi davlatda yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari ketma-ket o‘tkazilmagan”.

OTMga kirishda maktab baholarini hisobga olish nizomi tasdiqlandi

Maktab bitiruvchilarining shahodatnomasidagi 11 yillik ta’limning so‘nggi 6 yillik baholari OTMga kirishdagi balga qo‘shiladi. Baholar elektron platformalar orqali hisoblanadi. Maksimal ball 100 foiz deb olinadi va ballar baho tizimiga o‘tkaziladi.

2021 yilda O‘zbekistonga migrantlarning pul o‘tkazmalari 7,6 mlrd dollarni tashkil etishi kutilmoqda

Jahon banki hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonga mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari hajmi 2021 yilda qariyb 7,6 mlrd dollarni yoki mamlakat YAIMning 11,6 foizini tashkil etishi kutilmoqda. Global makroiqtisodiy prognozlarga muvofiq, 2022 yilda pul o‘tkazmalari hajmi 2,6 foizga o‘sishi kutilmoqda.

TDIU 90 yilligini nishonlashga ajratilayotgan 2,25 mlrd so‘m nimalarga sarflanishi ma’lum qilindi

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 90 yilligini nishonlash uchun 300 ming dollar ajratilayotgani haqidagi xabarlarga izoh berildi. Universitet matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga yubileyni nishonlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi doirasida ajratilayotgan 2,25 mlrd so‘mning nimalarga yo‘naltirilishini ma’lum qildi.

Sirdaryoda IES qurilishi bo‘yicha tender g‘olibi e’lon qilindi

Fransiya, Qatar va Yaponiyaning “EDF, Nebras Power, Sojitz Corporation” kompaniyalari konsorsiumi Sirdaryoda 1600 MVt quvvatga ega issiqlik elektr stansiyasini quradi. IES 2025 yil o‘rtalarida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Jalb qilingan investitsiyalar hajmi 1,2 milliard dollarga baholanmoqda.