Hukumat qarori bilan Ta’lim tashkilotlari bitiruvchilari baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichini hisoblash va uni oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlarida inobatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram-kanali xabar berdi.

Nizomga muvofiq, maktab bitiruvchilarining shahodatnomasidagi 11 yillik ta’limning so‘nggi 6 yillik baholari OTMga kirishdagi balga qo‘shiladi. Baholar elektron platformalar orqali hisoblanadi va DTMning ABITUR dasturiga yuboriladi.

Baholarning o‘rtacha ko‘rsatgichi 6−11-sinflardagi yoki 6−9-sinflar va 1−2-bosqichlardagi yillik baholarning umumiy yig‘indisini o‘qitilgan fanlarga bo‘lish orqali chiqariladi.

Maksimal ball 100 foiz deb olinadi va ballar baho tizimiga quyidagicha o‘tkaziladi:

  • 86−100% uchun — 5 baho;
  • 71−85% — 4 baho;
  • 56−70% — 3 baho va 56%gacha — 2 baho.

Ushbu tartib 2022/2023 yil o‘quv yilidan qo‘llaniladi.

Fevral oyi avvalida “Gazeta.uz” OTMga kirishda maktab bitiruvchilarining baholarini hisobga olish tartibi belgilanayotgani haqida yozgan edi.