Germaniya hukumati 16 noyabr kuni «Shimoliy oqim 2» (NS2, Rossiya) quvurini sertifikatlash va ishga tushirish jarayonini to‘xtatib qo‘yganidan so‘ng Yevropada gaz narxlari 17 foizgacha ko‘tarildi, deya xabar qilmoqda BBC News.

Gollandiyaning TTF birjasida 17 noyabr holatiga dekabr oyi uchun yetkazish shartlarida gazning narxi so‘nggi bir oylik eng yuqori darajaga ko‘tarilib, megavatt soatiga salkam 100 yevroga yoki ming kub metr uchun 1166 dollarga yetdi.

TTF birjasida so‘nggi uch oyda gaz fyucherslari dinamikasi. Manba: theice.com

BBC News xabariga ko‘ra, 16 noyabr kuni Germaniya hukumati NS2 loyihasini sertifikatlash tartibini to‘xtatib qo‘yganini ma’lum qilgan. Regulyatorning ta’kidlashicha, loyihani sertifikatlashdan oldin quvurni ishlatuvchi kompaniya Germaniya qonunchiligiga muvofiq bo‘lishi lozim.

NS2 gaz quvurini qurish ishlari sentabr boshida yakunlangan edi. Rossiyadan Yevropaga Boltiq dengizi orqali gaz yetkazib berilishini ta’minlaydigan 1200 km uzunlikdagi mazkur gaz quvuri Yevropa Ittifoqiga (YeI) gaz yetkazib berish umumiy quvvatini ikki barobarga oshirish imkonini beradi.

Quvurning ishga tushirilishi YeIning energiya bo‘yicha Rossiyaga qaramligini kuchaytirishi va Rossiya hukumati bundan siyosiy qurol sifatida foydalanishi mumkinligi to‘g‘risidagi mulohazalar, shuningdek, Rossiyaning YeIga gaz eksportidan tranzit davlat sifatida daromad olib kelgan Ukraina manfaatlariga zid kelishi ortidan loyiha tanqidga uchrab kelmoqda.

Ayni paytda NS2`ni tasdiqlash va ishga tushirishning kechiktirilishi isitish mavsumi oldidan Yevropada tabiiy gaz ta’minot zanjirida kuzatilishi mumkin bo‘lgan potensial uzilishlar borasida xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

NS2 konsorsiumi gaz eksportidagi ehtimoliy kechikishlar yuzasidan izoh berishdan bosh tortganligi aytilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, YeIning gaz direktivasi gaz ishlab chiqaruvchilar quvurga egalik qiluvchi kompaniyadan alohida bo‘lishi kerakligini nazarda tutadi.

Germaniya hukumati roziligi yetarli emas

BBC News`ning yozishicha, Germaniya hukumati quvurni tasdiqlash tartibi «asosiy aktivlar va xodimlar» NS2 operatorining Shveysariyada joylashgan bosh ofisidan liniyaning Germaniyadagi qismiga egalik qiluvchi nemis sho‘ba korxonasiga o‘tkazilgunga qadar to‘xtatib qo‘yilishini ma’lum qilgan.

«Qaror loyihani bir necha oy muddatga orqaga surishi mumkin va hatto Germaniya hukumati roziligini olganidan keyin ham Yevropa Komissiyasi tomonidan „yashil chiroq“ yoqilishi talab etiladi», — deyiladi xabarda.

Germaniya kansleri Angela Merkel yaqinda Rossiya quvurdan Ukraina manfaatlariga qarshi foydalansa, unga nisbatan qo‘shimcha sanksiyalar qo‘llanilishi mumkinligini ta’kidlagan edi.

Qayd etilishicha, nemis regulyatorining sertifikatlashtirishni to‘xtatib turish haqidagi qarori Ukrainaning Naftogaz energetika kompaniyasi tomonidan olqishlangan. Polshaning PGNiG gaz kompaniyasi esa ta’minot xavfsizligini ta’minlash uchun YeIda energiya birdamligiga chaqiruv bilan javob berdi.

Reuters agentligi Germaniya hukumatidagi manbasiga tayanib xabar qilishicha, loyihani sertifikatlashtirish jarayonlari 2022 yilning mart oyigacha qoldirilishi mumkin. Ayrim ekspertlar loyihani ishga tushirish 2022 yilning ikkinchi yarmiga kelibgina mumkin bo‘lishi to‘g‘risidagi mulohazalarini ma’lum qilishgan.

Yevropada va butun dunyoda energiya narxining oshishi allaqachon inflyatsiyaga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda, bu esa o‘z navbatida siyosatchilarni foiz stavkalarini kutilganidan tezroq oshirishga undashi mumkinligi qayd etilgan.

Shuningdek, Yevropada gaz narxi ko‘tarilishiga Britaniya va YeIning yana bir asosiy yetkazib beruvchisi bo‘lgan Norvegiyaning infratuzilmasidagi ta’mirlash ishlari tufayli joriy haftada eksport hajmini pasaytirishi ham sabab bo‘lganligi aytilmoqda.

CNN`ga ko‘ra, Eurasia Group vakili Henning Gloystein NS2 quvurini sertifikatlash jarayonining kechiktirilishi kelayotgan qishda Rossiyadan Yevropaga yetkazib beriladigan gaz hajmiga ta’sir qilmasligi kerakligini qayd etgan, ammo vaziyat siyosiy jihatdan og‘irligicha qolayotganini ta’kidlagan.

«„Shimoliy oqim 2“ loyihasini tasdiqlash jarayonini to‘xtatib qo‘yish orqali nemis regulyatorlari, shuningdek, ehtimol uning yangi hukumati Rossiyaning gaz quvuriga ruxsat berishni tezlashtirish uchun bosimiga bo‘ysunish istagida emasliklarini bildiradi», — deya qayd etgan u. «Bu, shuningdek, Polsha, Bryussel va Vashingtondagi ittifoqchilariga qarata Berlin gaz quvuri xususidagi tanqidlarga nisbatan bee’tibor emasligiga ishora qiladi».

Mintaqaning Rossiya gaziga qaramligi darajasini kamaytirishning potensial yechimlari

Ma’lumotlarga ko‘ra, YeI energiya resurslari iste’molining 61 foizi import hisobiga qoplanadi. YeIning neft va tabiiy gaz importida eng yirik ulushga Rossiya egalik qiladi.

Xususan, 2019 yilda YeI neft importining 27 foizi va tabiiy gaz importining 41 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan.

YeIning Rossiya gaziga qaramligi to‘g‘risidagi Euronews e’lon qilgan maqolada aytilishicha, NS2`ning ishga tushirilishi Rossiyaning mintaqaga gaz eksporti hajmini ikki baravarga oshirar ekan, o‘z navbatida, uning mintaqa energiya bozoridagi monopoliyasini mustahkamlaydi. Bu mamlakatga bozordagi gaz narxi ustidan nazorat o‘rnatish imkonini berishi mumkin. Vanihoyat, o‘zaro aloqalarga putur yetgan taqdirda, Rossiya gaz ta’minotini to‘xtatishi va millionlab yevropaliklarni gazsiz qoldirishi mumkin, deyiladi maqolada.

Qayd etilishicha, YeI Rossiya gaziga qaramligi darajasini sezilarli kamaytirishining ikkita potensial yechimi mavjud.

Birinchidan, mintaqa energiya iste’molini diversifikatsiya qilishi, ya’ni, Saudiya Arabistoni, AQSh kabi mamlakatlar hisobiga gaz importi bo‘yicha hamkor davlatlar safini kengaytirishi lozim.

Ikkinchidan, Yevropa qayta tiklanadigan va toza energiyaga ko‘proq investitsiya kiritishi zarur. Qayta tiklanadigan energiya elektr energiyasi ishlab chiqarishda qazib olinadigan yoqilg‘ilardan ko‘ra samaraliroq ekanligi o‘z tasdig‘ini topgan.

YeI gaz importida spot narxlarining moliyaviy afzalligi

Putin oktabr boshida yil oxirigacha Rossiyaning Yevropaga energiya, shu jumladan, gaz yetkazib berish hajmi «rekord darajaga yetishi» mumkinligini ta’kidlagan edi. Shuningdek, u Yevrokomissiya uzoq muddatli shartnomalarni qisqartirib, gaz oldi-sotdisida birja savdosiga o‘tib xato qilganligini qayd etgan edi.

Xalqaro energiya agentligi (IEA) ma’lumotlariga ko‘ra, YeI gaz ta’minotida yuzaga kelgan muammolarga qaramay, birja savdosi — spot narxlari so‘nggi o‘n yillikda gaz importida milliardlab dollarlarning tejalishiga sabab bo‘ldi.

2000 yillarga qadar YeIda tabiiy gaz narxlarining aksariyati neftning narxiga bog‘liq bo‘lgan uzoq muddatli shartnomalar bilan belgilangan, bu tizim neft indeksatsiyasi deb yuritiladi. Unga ko‘ra, gaz narxlari neft narxlari tendensiyalari asosida shakllangan. So‘nggi o‘n yil ichida mintaqada gaz narxlari shakllanishida bosqichma-bosqich neft indeksatsiyasidan voz kechildi va narxlar erkinlashtirilib, birja savdolarida talab-taklif asosida shakllana boshladi.

IEA hisob-kitoblariga qaraganda, YeI 2021 yilda tabiiy gaz uchun neft indeksatsiyasi asosida hisoblangan xarajatlardan ko‘ra taxminan 30 mlrd dollar ko‘proq to‘laydi. Biroq, shu bilan birga, spot narxlari YeIga 2010−2020 yillar oralig‘ida umumiy hisobda gaz importi bo‘yicha 70 mlrd dollar miqdoridagi to‘lovlarni tejash imkonini bergan.

YeIda 100% neft indeksatsiyasi asosidagi narxlar va haqiqiy import narxlarida tabiiy gaz importi xarajatlari o‘rtasidagi farq, 2010−2021 yillar. Manba: IEA

oktabr oyi boshlarida Yevropa gaz bozorida keskin tebranishlar kuzatilgan edi. 5 oktabrda TTF birjasida gaz fyuchers shartnomalari narxlari rekord darajada qayd etildi.

Gaz narxlarining qisqa muddatda deyarli vertikal trendni namoyon qilishi dunyo miqyosida COVID-19 bilan bog‘liq karantin cheklovlarining yumshatilishi yoki butunlay bekor qilinishi va mamlakatlar tashqi iqtisodiy aloqalarining qayta tiklanishi natijasida tabiiy gazga bo‘lgan global miqyosdagi yalpi talabning o‘sishi bilan izohlangan edi.

Yevropada o‘tgan qish mavsumining uzoqqa cho‘zilganligi va gaz rezervuarlaridagi zaxiralar keskin kamayganligi, ko‘mir iste’molidan voz kechilganligi va mahalliy gaz ishlab chiqarishning qisqarganligi singari omillar mintaqada narxlarning ko‘tarilishiga turtki bo‘lgan.