Oliy Majlis Senati yigirma birinchi yalpi majlisida «Favqulodda holat to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonunni tasdiqladi, deya xabar berdi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.

Majlisda qayd etilishicha, ushbu Qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda favqulodda holat sodir bo‘lganda fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda xizmat qiladi. Qonunda favqulodda holatni joriy etishda vujudga keladigan munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan normalar aks ettirilgan. Uning asosiy maqsadi fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, konstitutsion tuzum va hududiy yaxlitlikni himoya qilishdir.

Qonun bilan favqulodda holatni joriy etish shartlari va tartibi, qo‘llaniladigan choralar va cheklashlar, favqulodda holat amal qiladigan davr uchun joriy etiladigan maxsus davlat boshqaruv organlari, favqulodda holat sharoitida jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek mansabdor shaxs huquqlarining kafolatlari, favqulodda holat sharoitlarida sudlarning faoliyatini tartibga soluvchi va boshqa maxsus qoidalar mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Qonunda favqulodda choralar, ularning ta’siri doirasi, O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, yuridik shaxslar huquq va erkinliklariga o‘rnatilayotgan vaqtinchalik cheklovlar, ularga yuklatilayotgan qo‘shimcha majburiyatlar, kuchga kirish vaqti hamda amal qilish muddati kabi bir qancha choralar tartibga solinmoqda.

Qonun bilan respublika bo‘yicha joriy etiladigan favqulodda holatning amal qilish muddati 30 sutkadan, uning ayrim joylarida joriy etiladigan favqulodda holatning amal qilish muddati esa 60 sutkadan oshishi mumkin emas.

Favqulodda holat prezident farmoni bilan joriy etiladi va ushbu farmon Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan qo‘shma yig‘ilishda tasdiqlanishi kerak.

Agar favqulodda holatni joriy etish maqsadlariga erishilmagan bo‘lsa, favqulodda holatning amal qilishi O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan yana bir muddatga uzaytirilishi mumkin. Lekin mazkur farmon parlament qo‘shma majlisida tasdiqlanishi kerak bo‘ladi.

Shu bilan birga, qonunga ko‘ra, favqulodda holat rejimini ta’minlash uchun Ichki ishlar va Favqulotda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, shuningdek Favqulodda vaziyatlar oldini olish va harakat qilish davlat tizimiga kiruvchi boshqa davlat organlari hamda tashkilotlarining kuchlari va vositalaridan foydalaniladi.

Alohida hollarda esa, yuqoridagilarga qo‘shimcha ravishda, favqulodda holat rejimini saqlab turish uchun prezident farmoniga asosan Mudofaa vazirligining kuchlari va vositalari ham jalb etilishi mumkin.

Qonunda favqulodda holat joriy qilingani haqida chegaradosh davlatlarga diplomatik kanallar orqali xabar berilishi belgilangan.

«Gazeta.uz» bir yil oldin deputatlar «Favqulodda holat to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ko‘rib chiqishayotganligi haqida xabar bergan edi. Shunday loyiha 2016 yilda ham ishlab chiqilgan, lekin qabul qilinmagan edi. Koronavirusga qarshi kurash maqsadida mamlakatda joriy qilingan karantin choralari favqulodda holat to‘g‘risidagi qonun qabul qilish kerakligini ko‘rsatdi.