Senat 21- yalpi majlisida «Transport va moliya sohalaridagi ayrim huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma’muriy jazolar liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonun ko‘rib chiqildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar qildi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda nazarda tutilgan yo‘l harakati sohasidagi huquqbuzarliklar uchun belgilangan ma’muriy javobgarliklar miqdori hozirgi zamon talablari va xavflilik darajasiga to‘liq javob bermaydi.

Ushbu Qonun bilan ma’muriy huquqbuzarliklarning xavflilik darajasidan kelib chiqib, maqbullashtirish maqsadida 5 ta modda sanksiyasi miqdori kamaytirilmoqda. Xususan, transport vositalari egalari tomonidan sug‘urta polisini olmaganlik yoki muddati o‘tgan sug‘urta polisi yoki sug‘urta polisida nazarda tutilmagan shaxs avtotransport vositasini boshqarganligi, yo‘lovchilarni litsenziyasiz tashish bilan shug‘ullanganligi, pasport tizimi qoidalarini buzganligi, fuqarolar tomonidan valyuta qiymatliklarini noqonuniy olish yoki o‘tkazish uchun jarima miqdori kamaytirilmoqda.

Shuningdek, senatorlar tomonidan qayd etilishicha kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarga «bluetooth», quloqchin va boshqa qo‘lni band qilmaydigan garnituralar foydalanishga ruxsat berilmoqda.

Transport vositasi salonining old qismiga monitor (displey) o‘rnatish uchun javobgarlik bekor qilinmoqda, shuningdek, transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborganda tezlikni o‘lchaydigan maxsus uskunalar qayd etgan tezlikdan soatiga 5 kilometr ayirib tashlab hisoblash joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, ichki ishlar organlari yoki konsullik muassasasi tomonidan berilgan biometrik pasport (ID-kartasi) mavjud bo‘lgan taqdirda haydovchidan transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjat, transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazganlik to‘g‘risidagi, shuningdek transport vositasiga egalik qilish, egasi yo‘qligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlari, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi talab etilmaydi.

Qonun Senatorlar tomonidan ma’qullandi.

«Gazeta.uz» Adliya vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi qonunchilikka o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif qilingan qonun loyihasini muhokama uchun e’lon qilgani haqida xabar bergan edi.