O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining Yoshlar, Navo va Kinoteatr telekanallari ixtisoslashtirilgan reklama xususiyatiga ega bo‘lgan kanal sifatida faoliyat ko‘rsatishiga ruxsat berildi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 18 noyabrdagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Hujjatda mazkur kanallar tomonidan umume’tirof etilgan axloqiy me’yorlarga rioya qilish, milliy urf-odatlar, tarixiy va ma’naviy merosni qadrlash, fuqarolarning ongida demokratik qadriyatlarni shakllantirish, yosh avlodni vatanparvarlik, Vatanga muhabbat va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan televizion dasturlar tayyorlashga e’tibor qaratilishi aytilgan.

Qaror bilan “O‘zbekiston” teleradiokanalida “Qishloq xo‘jaligi” tahririyatini tashkil etish ham tasdiqlandi.

Tahririyatda “Qishloq xo‘jaligidagi islohotlar, ekin ekish va parvarishlash agrotexnikasi, yer va suvdan oqilona foydalanish, chorvachilik, veterinariya, baliqchilik, pillachilik, parrandachilik, asalarichilik, bog‘dorchilik, sabzavotchilik va issiqxona xo‘jaligi” kabi masalalar bo‘yicha teleradiomahsulotlar tayyorlanadi.