O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Bryusselda bo‘lib o‘tgan «O‘zbekiston — Yevropa Ittifoqi» hamkorlik kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha qo‘shma matbuot anjumanida so‘zga chiqar ekan, Brussels Morning gazetasi jurnalisti Layluma Sadidning Afg‘onistonga oid savollariga javob berdi.

TIV muloqotning matnli ko‘rinishini e’lon qildi, «Gazeta. uz» uni to‘liq holda taqdim etadi.

Layluma Sadid, Brussels Morning nashri:

— Menga savol berish imkoniyatini berganingiz uchun katta rahmat. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziriga savolim bor. Shu uch oy davomida O‘zbekiston hukumatining yuqori martabali vakillari Afg‘onistonga bir necha bor tashrif buyurdi. Shuningdek, Tolibon va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar 1997 yildan beri, o‘ylaymanki, ozmi-ko‘pmi ochiq. Agar men bir savol bera olsam, kelajakni qanday ko‘rasiz va Tolibon boshqa guruhlarni kiritmagan holda tashkil qilgan hukumatga qanday munosabatdasiz? Men ular inklyuziv hukumat deb ataydigan, aslida unday bo‘lmagan narsani nazarda tutyapman. O‘zbekiston ayollarga hamda Afg‘onistondagi boshqa millatlarga imkon bermay, ular bilan gaplashishga urinyaptimi? Bu mamlakatning kelajagini qanday ko‘rasiz? Va, shuningdek, elektr ta’minoti haqida? Ushbu yo‘nalishda ishlashni davom ettirish imkoniyati bormi? Rahmat".

Vazir Abdulaziz Kamilov:

 — Bu muhim savol uchun rahmat. Biz afg‘on masalasida O‘zbekistonning pozitsiyasini bir necha bor bildirganmiz. Shu sababli men buni takrorlamayman. Men nimadan qochish kerakligini va, bizning fikrimizcha, nima qilish zarurligini aytib bermoqchiman.

Birinchidan, Afg‘oniston xalqaro hamjamiyatdan ajralgan holda qolmasligi kerak. Koalitsiya qo‘shinlarining bu mamlakatdan olib chiqilishi Afg‘oniston kelajagi uchun umumiy manfaatlar va jamoaviy mas’uliyat yo‘qolishini anglatmasligi kerak.

Ikkinchidan, Afg‘oniston bosqinchi davlatga aylanmasligi kerak.

Uchinchidan, Afg‘onistondagi urush noharbiy usullar bilan davom ettirilmasligi kerak. Bu yerda men aktivlarni muzlatish, barqaror insonparvarlik yordami va uni yetkazib berishdagi kechikishlarni nazarda tutyapman, bu esa «Tolibon»ni o‘zini izolyatsiya qilish siyosatini olib borishga undamoqda.

Endi bu vaziyatda nima qilish kerak?

Birinchidan, Afg‘onistondagi mavjud voqelikni va kuchlarning yangi muvozanatini tan olish muhim. Afg‘on muammosi yukini mintaqa davlatlari, ayniqsa, eng yaqin qo‘shnilar yelkasiga yuklamaslik kerak.

Ikkinchidan, Afg‘onistonda gumanitar inqirozning oldini olish zarur. Afg‘onistonning xorijiy banklardagi aktivlarini qayta «eritish» va tranzaksiyalarni tiklash kerak.

Uchinchidan, ayni vaqtda, aniq aytishimiz kerakki, «Tolibon»ni tan olish muayyan shartlarga bog‘liq: barcha guruhlarning keng vakilligiga asoslangan hukumatni yaratish, fundamental inson huquqlarini ta’minlash, yaxshi qo‘shnichilik siyosatini yuritish, terrorizm, narkotik moddalar savdosi, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish va boshqalar.

To‘rtinchidan, Afg‘onistonning iqtisodiy rivojlanishiga har tomonlama yordam berishimiz kerak.

Nihoyat, «Tolibon»ning ijobiy qadamlari: qizlar uchun maktablar ochish, ayollarga davlat muassasalarida ishlash huquqini berish va hokazolarni har tomonlama rag‘batlantirish kerak. Ayni paytda yangi muvaqqat hukumat tomonidan tashlangan qadamlar ham bor.

Shuning uchun, xonimlar va janoblar, bu O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro hamjamiyat, jumladan, Yevropa Ittifoqi tomonidan qanday choralar ko‘rishi kerakligi haqidagi juda aniq va ochiq pozitsiyasidir.

O‘zbekistonga kelsak, biz energetika va transport kommunikatsiyalari sohasida jiddiy loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Biz Afg‘oniston muvaqqat hukumati a’zolarini O‘zbekistonga taklif qildik hamda iqtisodiyot, savdo-sotiq va hattoki xavfsizlik sohasida ham hamkorlikni qanday yo‘lga qo‘yish haqida kelishib oldik.

Afg‘onistonning yangi rasmiylari bilan muzokaralar olib borganimizda ular chegara xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kafolatlar berdi. Bundan tashqari, biz harbiy koalitsiya bilan hamkorlik qilgan va ularga yordam bergan G‘arb davlatlari vakillari, fuqarolari va afg‘onlarni bir necha yirik evakuatsiya operatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarimizni muvofiqlashtirdik.

Shuning uchun biz o‘sishga qadamma-qadam erishish mumkinligiga umid qilamiz. Boshqa tanlovimiz yo‘q. Bu haqiqat tan olinishi va mintaqa davlatlari bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini izlashi kerak. Albatta, biz muvaqqat hukumatni bir tomonlama tan olmoqchi emasmiz. Umumiy xalqaro yondashuv bo‘lishi kerak.

Layluma Sadid, Brussels Morning nashri:

— Sizga katta rahmat, janob vazir. Siz biroz boshqacha mavzuni, Afg‘oniston mavzusini tilga olganingizdan juda xursandman. Siz ta’kidlaganingizdek, Afg‘onistonda harbiy usullar ishlamaydi, lekin biz Afg‘onistonda siyosiy yo‘l borligini ko‘ramiz. Lekin toliblar kelib, Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritgan vaqtlarni unutmang, bu harbiy to‘ntarish edi. Birinchidan, ular tinchlik kelishuvi bilan hokimiyatga kela olmadilar. Ikkinchidan, «Tolibon»ning tan olinishiga kelsak, men hech kim «Tolibon»ni tan olmasligiga ishonchim komil, chunki hukumatdagi 17 nafargacha «Tolibon» a’zosi Qo‘shma Shtatlar tomonidan qora ro‘yxatga kiritilgan. Shuningdek, agar biz gumanitar yordam haqida gapiradigan bo‘lsak, agar biz hukumat yoki «Tolibon» rejimiga yordam berayotgan bo‘lsak, bu yordam oxir-oqibat Afg‘onistonning haqiqatan ham muhtoj bo‘lgan zaif aholisiga yetib borishiga qanday ishonch hosil qilishimiz mumkin? Bundan tashqari, siz «Tolibon»ning yuqori darajadagi amaldorlari bilan gaplashdingiz, ularni ayollarni hukumatga qabul qilishlari va ularga avvalgidek ko‘prom imkoniyat berishlari uchun bosim o‘tkazdingiz, deya umid qilaman. Aks holda, kabinet yoki hukumatida afg‘on ayollari bo‘lmasa, biz 20 yil davomida ega bo‘lgan barcha imkoniyatlarimizni boy berishimizga ishonaman. Bilishimcha, O‘zbekiston islom davlatidir. Hech qanday muammo yo‘q va har kim vazir yoki deputat bo‘lishi mumkin. Va bu borada umid qilamanki, siz «Tolibon» bilan yaxshi muzokaralar olib borishga harakat qilyapsiz. «Tolibon» va «Haqqoniy tarmog‘i» kabi terrorchi guruh rejimiga nisbatan O‘zbekistonning keyingi rejasi qanday ekanini batafsilroq aytib bersangiz. Afg‘onistonda ham «Al-Qoida» guruhi bor va bu nafaqat Afg‘oniston, balki mintaqa uchun, balki butun dunyo uchun xavfli ekanligiga ishonchim komil. Rahmat.

Vazir Abdulaziz Kamilov:

— Katta rahmat. Psixologik to‘siqlarni yengib o‘tishning naqadar qiyinligini juda yaxshi tushunaman. Shu bois o‘tgan yigirma yil ichida koalitsiya «Tolibon»ga qarshi kurashdi. Buning o‘rniga, iltimos, vaziyatga boshqa burchakdan qarang.

Toliblar — nafaqat Afg‘onistondagi asosiy kuch, balki afg‘on jamiyatining bir qismidir. Ular hech qachon milliy chegaradan tashqarida terrorchilik hujumlarini uyushtirishmagan. Toliblar tomonidan Markaziy Osiyoda, Yevropada, AQShda, Janubiy Osiyoda yoki yana qayerdadir uyushtirilgan terrorchilik xurujiga birorta ham misol keltira olmaysiz.

Shu bilan birga, bu reallikdir. Sizda ko‘p savollar bor, lekin nima qilish kerakligi haqida hech qanday taklif yo‘q. Va shuning uchun biz reallikni hisobga olamiz. O‘tgan 20 yil, umuman, o‘tgan qirq yil davomida ham buyuk derjavalar Afg‘onistondagi vaziyatni hal qila olmadi.

Hozir ba’zi davlatlar mablag‘ taklif qilmoqda va buning evaziga minglab qochqinlarni qabul qilishni so‘ramoqda, bu esa boshi berk ko‘chadir. Biz buni tushunmayapmiz. Afg‘onistondagi mavjud vaziyat uchun so‘nggi 20 yil davomida kurashib kelgan harbiy koalitsiya ham mas’ul ekanini ta’kidladim.

Shuning uchun, o‘ylaymanki, sizda Afg‘oniston haqida yetarlicha yangilik va ma’lumot yetarli emasligini his qilmoqdaman, ehtimol bu Yevropa bilan «Tolibon» va umuman afg‘onlar bilan aloqa kanali yo‘qligi uchundir. Shuning uchun siz reallikni qabul qila olmaysiz, muvaqqat hukumat bilan hech qanday norasmiy aloqa o‘rnatolmaysiz. Ammo, shunga qaramay, aloqa kanali bo‘lishi kerak. Men shunday o‘ylayman.

O‘zbekiston kelajakda nimalar qiladi, degan savolingizga kelsak: biz bugun amal qilayotgan siyosatimizni davom ettiramiz.