1HLSW elektron pullar tizimi Markaziy bankning Elektron pullar tizimi reyestriga kiritilib, elektron pullarning chiqarilishi faoliyatiga ruxsat berildi, — deya xabar berdi MB matbuot xizmati.

«Aloqabank» aksiyadorlik tijorat banki tomonidan mazkur elektron pullar tizimining emitenti sifatida elektron pullar chiqariladi. Tizim operatori Genesis Innovation MCHJ hisoblanadi.

Spot nashrining yozishicha, Global Solution IT-firmasi tomonidan boshqariladigan GlobalPay elektron pullar tizimiga ham ruxsat berilgan. Markaziy bank ushbu IT-firmaga 2020 yil oktabr oyida to‘lovlar sohasida faoliyat yuritish uchun ruxsatnoma bergan. Ushbu tizimning emitenti sifatidagi elektron pullarni ham «Aloqabank» ATB chiqaradi.

Elektron pul tizimlari reyestri yuritilishi boshlanganidan buyon MB 10 ta platformani ro‘yxatdan o‘tkazdi. Ulardan 4 tasi «Kapitalbank» ishtirokida ishga tushirildi.

Avvalroq QIWI Uzbekistan elektron pullar tizimi faoliyatini tashkil etish va «Kapitalbank» tomonidan mazkur elektron pullar tizimining emitenti sifatida elektron pullarni chiqarish faoliyatiga ruxsat berilgandi.