Sobiq Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati hokimi bo‘ladi. Bu ma’lumotni Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati rahbari Ahror Sodiqov «Gazeta.uz»ga tasdiqladi.

Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Zoyir Mirzayevni Toshkent viloyatiga hokim etib tayinlanishi aytilgan. Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan faollar yig‘ilishida yangi hokim rasman e’lon qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, bugun Zoyir Mirzayev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Qashqadaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etilgan edi. Uning o‘rniga Murotjon Azimov viloyat hokimi v.b. etib tayinlandi.

Ma’lumot uchun, Zoir Mirzayev 1968 yilda Samarqand viloyati, Jomboy tumanida tug‘ilgan. 1994 yilda Toshkent moliya institutini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Hokim sifatidagi ish faoliyatini 2003 yil Jomboy tumanidan boshlagan. 2008−2010 yillarda Samarqand shahar hokimi, 2010−2016 yillarda esa Samarqand viloyati hokimi bo‘lgan.

2018 yilning noyabr oyida bosh vazir o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Zoyir Mirzayev Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani hokimi bo‘lgandi.

U 2019 yilning oktabr oyida Qashqadaryo viloyat hokimi lavozimiga tayinlangandi.