Prezident farmoniga asosan, Sherzod Shermatov axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri lavozimiga tayinlandi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Bir kun avval Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vazir lavozimiga Sherzod Shermatov nomzodini ma’qullagan edi.

Sherzod Shermatov (1977 yilda tavallud topgan) — Toshkent davlat texnika universiteti (1998 yil) va Yel universiteti (AQSh, 2000 yil) bitiruvchisi.

Mehnat faoliyatini 2000 yilda Moliya vazirligi Valyuta iqtisod bosh boshqarmasi bosh iqtisodchisi lavozimidan boshlagan.

2014 yildan 2018 yilning iyuniga qadar Toshkentdagi Inxa universiteti rektori, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchisi, Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari sifatida ishlagan.

Shermatov 2018 yilning iyun oyidan bugunga qadar XTV rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan edi.

Noyabr oyi avvalida bosh vazirning axborot texnologiyalari bo‘yicha maslahatchisi Olimjon Umarov va AKT vaziri Shuhrat Sadikov lavozimlaridan ozod etilgan edi. Buning ijtimoiy tarmoqlar faoliyatini cheklash bilan bog‘liqligi aytilayotgandi.