Bugun, 18-noyabr kuni Toshkent viloyati hokimligi majlislar zalida faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda prezident Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov prezident farmoni bilan yig‘ilish ishtirokchilarini tanishtirdi.

Unga ko‘ra, Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov lavozimidan ozod etildi.

Ayni paytga qadar Qashqadaryo viloyati hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelgan Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Davron Hidoyatov mart oyidan boshlab Toshkent viloyati hokimi sifatida ishlayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, bugun Zoyir Mirzayev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Qashqadaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etilgan edi. Uning o‘rniga Murotjon Azimov viloyat hokimi v.b. etib tayinlandi.