Davron Xidoyatov Chirchiq shahri hokimi etib tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Avvalroq Toshkent viloyati sobiq hokimi Davron Hidoyatov lavozimidan ozod etilgan edi. Uning o‘rniga Zoyir Mirzayev viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Davron Hidoyatov (1976 yilda tug‘ilgan) — Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (1998 yil) va O‘zbekiston bank-moliya akademiyasi (2001) bitiruvchisi. 1996−2004 yillarda O‘zbekiston Markaziy banki tizimida, 2004−2005 yillarda “Osiyo-Invest Bank” (Moskva) boshqaruvi raisi lavozimida, 2005−2009 yillarda O‘zbekiston Markaziy banki tizimida ishlagan.

2009 yildan 2012 yilgacha GM Uzbekistan kompaniyasining moliya bo‘yicha ijrochi direktori, 2012 yildan 2014 yilgacha MAN Auto-Uzbekistan QK bosh direktori lavozimlarida xizmat qilgan.

2014−2017 yillarda O‘zbekiston Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni kuchaytirish davlat qo‘mitasi raisi, 2017−2018 yillarda Chilonzor tumani hokimi, 2018−2021 yillarda Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Davron Hidoyatov mart oyidan boshlab Toshkent viloyati hokimi lavozimida ishlayotgan edi.