O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni tayyorlashda juda muhim natijalarga erishdi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdlaziz Kamilov «O‘zbekiston — Yevropa Ittifoqi» hamkorlik kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi. Uning nutqining matnli ko‘rinishi TIV matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

«Kelgusi yil prezidentimizning Bryusselga bo‘lajak tashrifi chog‘ida hujjatni imzolashni rejalashtirgan holda, yaqin kunlarda shartnoma loyihasini to‘liq ishlab chiqish va yakunlash niyatidamiz», — dedi Abdulaziz Kamilov.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bitimda asosiy e’tibor insoniy o‘lchov, demokratik islohotlar, inson huquqlari, diniy erkinliklar, bolalar va majburiy mehnat bo‘yicha o‘zaro hamkorlik masalalariga qaratiladi.

«Tasdiqlashim mumkinki, so‘nggi bir necha yil davomida biz ikki tomonlama kun tartibidan insoniy o‘lchov bilan bog‘liq ba’zi muammoli masalalarni olib tashladik. Kelajakda qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p ekanligini tushunamiz. Shu nuqtai nazardan, biz yangi yutuqlarga erishish uchun Yevropa Ittifoqidagi hamkasblarimiz bilan hamkorlik qilishga tayyormiz», — dedi TIV rahbari.

«Bugungi kunda xalqaro hamjamiyat Markaziy Osiyo va mintaqamiz atrofidagi, xususan, Afg‘onistondagi vaziyatga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Bu bizning umumiy muammomiz. Bizning qarashlarimiz o‘xshash. Bundan tashqari, biz o‘xshash qiyinchiliklarga duch kelmoqdamiz. Mushtarak manfaatlar asosida mintaqaviy masalalar bo‘yicha hamkorlikni davom ettiramiz», — dedi vazir.

Uning qo‘shimcha qilishicha, kengash yig‘ilishida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning ayrim jihatlari ko‘rib chiqildi.

«Siyosiy kun tartibimizda hamkorligimizni davom ettirish uchun kelajakda muhokama qilinishi kerak bo‘lgan ko‘plab masalalar mavjud. Lekin, shu bilan birga, siyosiy sohada o‘zaro yaxshi anglashuvga erishildi, deb ayta olaman. Biz nimalar qilinganini va kelajakda nima qilish kerakligini bilamiz», — deya xulosa qildi Abdulaziz Kamilov.