22 oktabr kuni Toshkentda Oliy sud raisi Kozim Komilovga tegishli Malibu rusumli xizmat mashinasi yo‘l transport hodisasiga uchradi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Abidov “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa yuz berganda Kozim Komilov mashinada bo‘lmagan. Avtomobil haydovchisi esa hozirda tibbiy muolaja olmoqda va uning sog‘lig‘i ayni paytda yaxshi.

Aziz Abidov haydovchi ayni paytda tibbiy ta’tildaligi va sog‘lig‘ini tiklashi bilan ishga qaytishi kutilayotganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Qashqadaryo viloyati Koson tumanida hokimga tegishli Saptiva avtomashinasi yo‘ldan o‘tayotgan fuqaroni urib yuborgani haqida xabar berilgan edi.

Noyabr oyida Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani hokimining Captiva xizmat mashinasi ishtirokida YTH sodir bo‘lgandi.

Avvalroq, “Gazeta.uz” yanvar-oktabr oylari davomida sodir bo‘lgan 7684 ta yo‘l-transport hodisasida 1964 kishi halok bo‘lgani, 6886 kishi esa jarohatlangani haqida yozgan edi. Bu raqamlar uzoq karantin cheklovlari amal qilgan 2020 yildagi jami ko‘rsatkichlardan ham oshishga ulgurganligi aytilgandi.