17 noyabr — «Xalqaro talabalar kuni». «Gazeta.uz» O‘zbekistonning turli universitetlarida o‘qiyotgan talabalardan ushbu davr chindan ham «oltin»mi, ushbu davrda talaba nimalar qilishi kerakligi haqida so‘radi.

«Talabalik hayoti — o‘smirlikdan kattalikka o‘tish davri» — Xadichabegim Naymanova

Xadichabegim Naymanova Toshkent davlat axborot texnologiyalari universitetining Dasturiy injiniring fakulteti 3-kurs talabasi.

— Talabalik — hayotning oltin davri. Biroq 2019 yilda o‘qishga kirganlarning ko‘pchiligi bu gapga qo‘shilmasalar kerak. Ko‘pchilik talabalik davri klub va karaokelarga borish, romantika va g‘am-qayg‘usizlikdan iborat deb hisoblaydi. Balki men uchun ham shunday bo‘lardi, lekin hayotning o‘z rejalari bor ekan. Ikkinchi semestrda karantin boshlandi va talabalik davrining barcha romantikasi kompyuter ekranlari ortiga o‘tdi.


Foto: Xadichabegim Naymanovaning shaxsiy arxividan

Ammo odamlar ajoyib mavjudotlar, ular har qanday sharoitga moslasha oladilar. Avvaliga o‘z-o‘zini izolyatsiya qilishga ko‘nikish qiyin edi, keyin esa bu asta-sekin komfort zonaga aylandi. O‘qituvchi ma’ruza o‘qiyotganda qulay joyda choy ichib o‘tirish naqadar yoqimli. Oxir-oqibat, 1 va 2-bosqichlarni biz Zoom dasturida o‘tkazdik, hatto tug‘ilgan kunlarni ham onlayn tarzda nishonladik. Qaysidir ma’noda, bu ekstrovertlar uchun sinov, introvertlar uchun esa jannat edi. Yaxshiyamki, uchinchi kursda hamma narsa odatiy holatga qaytdi, ammo hissiyotlar qish uyqusidan keyin uyg‘onish kabi edi.

Talabalik hayoti — o‘smirlikdan kattalikka o‘tish davri. Go‘yoki ushbu lahzalarni o‘tkazib yuborib, darhol kattalar hayotiga tushib qolgandekman. Chunki uchinchi kursda mustaqil bo‘lish, xarajatlar va yashash uchun pul ishlash kerak. Kelajak uchun aniq maqsadlar qo‘yish va ular sari shahdam qadam tashlash kerak bo‘lgan payt. Ota-onamga og‘irligim tushmasligi uchun o‘qishga kirishish va darhol ish topish oson emas edi.

Oradan bir oy o‘tib, o‘z mutaxassisligim bo‘yicha ishga joylashdim va hozirda shu yerda ishlayapman. Doramalarda (koreys seriallari) ish va universitetda o‘qishni bir vaqtda olib borish osondek tuyulardi. Aslida, kuchli charchoq yuzaga kelishi mumkin, ayniqsa dam olishga vaqtingiz bo‘lmasa. Yaxshiyamki, do‘stlarim bor, ularni istirohat bog‘iga chaqirib, shunchaki jimlikda o‘tirib, osmonni tomosha qilishim mumkin.

Hozir men haftasiga 7 kun 24 soat o‘qish va ish bilan bandman, lekin semestr oxirida yaxshilab dam olishni rejalashtirganman.

«Poytaxtga endi kelgan talabalar uchun birinchi bosqich ta’lim dargohida emas, shaharning diqqatga sazovor joylarida o‘tib ketsa, ajabmas» — Oqil Abdubarnoyev

Oqil Abdubarnoyev O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Xalq ijodiyoti fakulteti 4-bosqich talabasi.

— Xayolimiz darsdan amallab qochish hamda chim qoplamasi tepakal bo‘lgan maydonda tilimiz osilguncha to‘p tepish bo‘lgan maktab davrimizda talaba bo‘lgan aka-opalarimizga havas qilardik. Biroq ular «oltin davr» to‘g‘risidagi o‘zaro suhbatlarda yangi ilmiy yoki texnik kashfiyotlar haqida emas, asosan, paxta davri haqida berilib gapirishardi. Ehtimol, ular «oltin davr» deya «oltin kuz» faslidagi jarayonlarni nazarda tutishgandir. Biz ham ular singari talabalik baxtiga muyassar bo‘ldik, biroq paxta chanoqlarini qo‘limizga ushlashdan, makaronli ovqatni sovuq dalada paqqos tushirishdan hamda o‘zimizni ko‘z-ko‘z qilish uchun qizlarning ko‘sak aralash paxta ro‘pagini ko‘tarishdan «bebahra qoldik».

Poytaxtga endi kelgan talabalar uchun 1-bosqich ta’lim dargohida emas, shaharning diqqatga sazovor joylarida o‘tib ketsa, ajabmas. Aksiga olib, o‘zimizni «chala toshkentlik» deb hisoblay boshlaganimizda, tojdor maxluqotlar (koronavirus — tahr.) kelgan joyimizga qaytib ketishga majbur qildi. Shundan so‘ng «oltin davr"imiz «karantin davr»ga aylandi. Shu bois o‘zim boshimdan o‘tkazgan talabalik davrini nima deb atashga ham hayronman.

Talaba deganda, ko‘pchilikda o‘qimishli, qolganlarga nisbatan nufuzi baland degan tushuncha mavjud bo‘lishi mumkin. Lekin shaxsan o‘zim unday deb o‘ylamayman. Shunday insonlarni bilamanki, ular uchun bizning oliygohlarda joy topilmagan, biroq bilim borasida uncha-muncha magistrni ham o‘rniga o‘tqazib qo‘yadi. Salkam bir avtomobil pulidan voz kechish evaziga qo‘lga kiritilgan bir parcha qog‘oz faqatgina o‘tin yoqishga yarashini tasavvur qilish og‘ir. Talaba degan nomni olgach, hamma narsani qoyillataman degan umidda tashrif buyurib, keyinchalik bu umidlar qushlar singari olislarga uchib ketishining ko‘p marotaba guvohi bo‘ldim. Biz xayol qilgan ta’lim qanday edi-yu, amalda qanday ekanini bir oy ichida bilib oldik.


Foto: Oqil Abdubarnoyevning shaxsiy arxividan

Vazir bo‘lishdan boshlangan orzular oddiy xodim bo‘lishga ham rozi bo‘lavergan sari dastlab bunga sabab sifatida butun oliygoh, o‘qituvchilarni ko‘rsatib, lug‘at boyligimizdagi jamiki «shirin so‘zlar»ni yog‘dirdik. Biroq keyinchalik bir narsani angladimki, birovga qarab qolish kerak emas ekan, bundan naf yo‘q. Tizimni ayblash ma’nisiz, bu xuddiki omad so‘rab beharakat o‘tirishday gap. O‘qituvchilar ham o‘zida borini beradi, ulardan ortig‘ini kutish yaramaydi. Yangi bilimlar kerakmi, marhamat, o‘zing uchun harakat qil, internet, kutubxona, hamma narsa muhayyo, faqat o‘zing izlan hamda kashf qil. Maktabda «yigit bahoga» (2−3 bahoga) o‘qigan Eynshteyn yoki Nyuton o‘z qonunlarini yaratishda domlasiga qarab qolganiga ishonmayman. Ehtimol, Ilon Mask ma’naviyatshunoslikdan umrida besh olmagandir, ammo u yaratayotgan kashfiyotlar haligacha biz varaqlayotgan kitoblarda qayd etilmagan.

Talabalik odam hayotini ag‘dar-to‘ntar qilib tashlamasa-da, umr chorrahasi sari olib chiqadi hamda bir necha yo‘lni taklif qiladi, har kim o‘zi istagan yo‘lga ravona bo‘ladi. Kimdir bir yo‘ldan jufti halolini topib, oila qurishga tutinadi, kimdir «soqqa» qilish yo‘lidan yuradi, kimdir ilm uchun jonini fido qiladi, yana ba’zilar uchun «xayr oliygoh, salom Rossiya»…

Talabalikdan unumli foydalanib, «brilliant davr»ga aylantirish ham, taralgan sochlarni ko‘z-ko‘z qilgancha vaqt o‘tkazgan holda «sariq chaqa"li davrga aylantirish ham o‘zimizga bog‘liq. Ta’lim olayotgan sohaga qiziqish bormi, oxirigacha izlanish kerak, dangasa muhitni chilparchin qilib tashlash kerak, shunda qachondir biz istagan nurli quyosh o‘z jozibasini ko‘rsatadi.

Men talabalikdan ko‘p narsa oldim deya maqtanolmayman, maqtovdan ko‘ra ko‘proq tanqid qilishim mumkin. Biroq bitiruvchi bo‘lganim sari o‘zimdan quyi bosqichda tahsil olayotganlarga yaxshi ma’noda hasad qilaman, bu yerlarni kelgusida qumsashimni hozirdan his qilaman. Oliygohga qadam ranjida qilish ortiqcha ish qilishimdan yana ko‘pgina narsalardan mahrum qiladi. Lekin baribir, unga mehrim bo‘lakcha. Sevimli taomi lapsha bo‘lgan talaba do‘stlarimni inson hayotidagi eng unutilmas shodiyonalardan biri bilan tabriklab qolaman.

«Bizga katta-katta ishlarni qilishni bunday ishlarni qilmagan o‘qituvchi o‘rgatadi» — Abdullo Nasullayev

Abdullo Nasullayev Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyot universitetining Tarjima nazariyasi va amaliyoti fakulteti 4-bosqich talabasi.

— «Talabalik — oltin davr» degan tushuncha juda ham yomon steorotip, deb hisoblayman. Xuddi to‘ylarimizdagi stereotip kabi inson uchun faqat va faqat zararga ishlovchi stereotip. Nimaga? Abituriyent 3−4, hatto 10 yillab talaba bo‘lish uchun tayyorlanadi. U qandaydir o‘qishni bitirib katta ish qilish uchun tayyorlanmaydi, «o‘qishga kirib, shu sohani o‘qib, O‘zbekistonda shu soha bo‘yicha 1-raqamli bo‘laman, xalqaro darajada mana bunday ish qilaman», degan fikrda kirmaydi o‘qishga. «Talabachilikmi? QVZga, konsertlarga tushaman, do‘stlar bilan stipendiya tushgan vaqtida mazza qilib o‘tiramiz, choyxona qilamiz, ichish, chekishni o‘rganaman», deb xayol qiladi.

Aytishingiz mumkin: «hozirga qadar qanchadir million talaba o‘qishni bitirib ketgan, ularning hammasi talabalikni oltin davr, deb aytadiku», deya. Lekin ularning qanchasi biror faxrlanarli ish qildi? Ish qilayotganlarning hammasi chet elda o‘qib kelgan yoki talabalikda oltin davr ko‘rmagan. Ularning ko‘pchiligi o‘zining kursdoshlarini ham tanimaydi. Darslardan «yiqilib» yurgan. Meni ham o‘qishdan haydashmoqchi edi. Chunki men uchun universitet «prioritet» bo‘yicha 1-o‘rinda turmaydi.

Men «agar inson o‘zini hayotini butunlay chiqindi bo‘lishini xohlasa, talabalikni oltin davr, deyish mumkin» derdim.


Foto: Abdullo Nasullayevning shaxsiy arxividan

Yuqorida men faqat negativ tomonlari haqida gapirdim. Masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Ya’ni oltin deb nima o‘xshatilyapti. Ilm olish davrimi yoki umuman kursdoshlar bilan munosabatmi? Agar siz o‘zingiz yoqtirgan yo‘nalishda va o‘zining yo‘nalishida 1-raqamli bo‘lgan universitetga kirsangiz, masalan, men marketing, menejmentga qiziqaman, Garvard yoki Stenfordda yoki Yevropaning qaysidir biror universitetida o‘qisam, bu men uchun oltin davr bo‘ladi. Chunki u yerda hamma men aytayotgandek fikrlaydi. Ya’ni, talabalik bu — dunyoni o‘zgartirish uchun eng katta bilimlarni o‘rganuvchi va dunyoni o‘zgartirishni istovchi insonlar bilan netvorking qilinadigan hudud, deb hisoblashadi. Ular ko‘p ham «kechki bazmlar»ga berilishmaydi. E’tibor bersangiz, hozir ko‘plab start-up`lar universitet davrida chiqyapti. Amerikada ko‘plab startap asoschilari magistrantlar yoki битирuвchilar.

Agar biz «oltin davr» tushunchasi haqida gapirganda kursdoshlar bilan vaqt o‘tkazishga urg‘u bermasdan, o‘zimiz sevgan va kelajagi bor bo‘lgan, mamlakatni rivojlantiradigan sohaga kirib turib, o‘shani o‘rganishga ushbu davrni sarflaydigan bo‘lsak, shunda ha, oltin davr bo‘ladi. Bu davr bizni nazariy emas, balki amaliy bilimlarimizni oshirishga to‘siq bo‘lmasa, unda oltin emas, «brilliant davr» bo‘ladi.

Hozir universitetlarda dars beruvchilarning ba’zilari magistraturani bitirib, yillar davomida dars berish hisobiga shakllangan o‘qituvchilardir. Ular hayoti davomida faqat dars bergan. Bizga katta-katta ishlarni qilishni bunday ishlarni qilmagan o‘qituvchi o‘rgatadi. Agar u rostanam 2−3 ta katta ish qilib qo‘ygan bo‘lsa, undan «avliyosi» yo‘q. Chunki raqobat yo‘q. Raqobat bor, lekin raqobatdoshlari universitetda dars bermaydi. Shu uchun ham hozir xususiy universitetlar va o‘quv markazlari yaxshi shakllanib kelyapti. Va bundan keyin bu davr keyingi avlodga oltin davr bo‘ladi, degan umiddamiz.

Shaxsan men uchun talabalik — oltin davr bo‘lyapti. Chunki men o‘zim qiziqmagan sohaga o‘qishga kirgan bo‘lsam ham, universitet hayotimdagi bitta eng muhim o‘zgarishga sabab bo‘ldi. Shuningdek, universitetda faol harakat qilganim evaziga ustozlarim meni qo‘llab-quvvatlashdi va mening shaxs sifatida rivojlanishimga sabab bo‘lishdi.

«Talabalik xato qilish uchun zo‘r davr» — Ne’matjon Mansurov

Ne’matjon Mansurov Gubkin nomidagi Rossiya Davlat neft va gaz universitetining Geologik va geofizik qidiriv texnologiyalari fakulteti 5-kurs talabasi

— Menimcha, chindan ham talabalik — oltin davr. Aynan o‘ziga o‘xshagan, o‘zi bilan bir xil fikrlaydigan odamlarning davrasida bo‘ladigan, yangiliklarni o‘rganadigan va o‘zini qaysidir ma’noda anglash uchun eng qulay muddat. Ko‘p takrorlayman, talabalik — xato qilish uchun zo‘r davr. Talabalik o‘zini har xil sohalarda sinab ko‘rish uchun yaxshigina imkoniyat. Chunki qaysidir ma’noda ota-onasining qaramog‘ida bo‘ladi, mas’uliyat kamroq bo‘ladi.


Foto: Ne’matjon Mansurovning shaxsiy arxividan

Shuning uchun ham talaba hamma sohada o‘zini sinab ko‘rib, o‘ziga yoqqan sohani tanlab olishi va ko‘proq xato qilib, ko‘proq tajriba yig‘ishi uchun bu eng yaxshi payt, deb o‘ylayman. Bizda bu narsa osonroq. Chunki universitetlarimizda nisbatan o‘qish oson va darsdan keyin ham vaqtni o‘ziga yoqqan yo‘nalishga sarflasa bo‘ladi. Bizda universitetda o‘qishning plyus tomoni shu.

Lekin bizda baribir bilimlar o‘quvchiga chuqur o‘rgatilmaydi. Chet elda fan kam bo‘ladi, masalan, 4−5 ta fan bo‘ladi, lekin ular ham asosiy fan bo‘lib, juda chuqur o‘rgatiladi. Shu orqali talaba ma’lum yo‘nalishning professionali bo‘lib chiqadi. Bizda 15−20 ta fan qo‘yishadi. Talaba esa buni o‘zlashtirishga ulgurmasligi aniq. Shuning uchun hech qaysi fanni yaxshi o‘rgana olmaydi. Shu uchun talabalarga faqat asosiy fanlarni mukammal o‘rganishlarini tavsiya qilaman.

«Men o‘z yo‘limni, shug‘ullanishni istaydigan kasbimni aniq qilgach, talaba bo‘ldim» — Nurjahon Farmonov

Nurjahon Farmonov O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika fakulteti 3-bosqich talabasi.

Talabalik oltin davr emas. Oltin davr — bu bolalik. Talabalik — shaxsni haqiqiy hayotga tashlab yuboradigan davr.

Bizning jamiyatda talabalar mustaqil hayotga ilk qadamlarini bosib ko‘radi. G‘arbda teskarisi, talaba ancha mustaqillikka erishib bo‘lgan, nima xohlashini va kelajagini qanday bo‘lishi haqida aniq tasavvurga ega bo‘lib ulgurgan bo‘ladi. Bizda esa (ayniqsa maktablar 11 yillikka o‘tkazilgach, bu sifat ko‘paydi) talaba bo‘lgan yoshlar nima qilishni bilmay qolishadi. Chunki universitet yoki institut boshqa olam: u yerda o‘qimasang ham keyingi bosqichga o‘tkazib qo‘yadigan sevimli sinf rahbaring yo‘q, boshlang‘ich darajadagi, sendan katta aka, opalaring ham bajarib beroladigan uy vazifalaring yo‘q. Boshqa shaharda, deylik poytaxtda o‘qiyotgan yosh uchun esa qo‘shimcha «bonus» qiyinchiliklar bor. Bepul yashashga uying yo‘q, doimiy pul berib turadigan ota onang yoningda emas va h.k.

Shu mantiqda davom etamiz: faqatgina oliy ta’limga kirish uchun bor fokusini, kuchini berib harakat qilgan yosh uchun yanada ko‘proq qiyinchiliklar kutiladi. O‘zi intilib kirgan joyda o‘zi kutgan sifatdagi bilimlar berilmaydi, tabiiyki chuqur depressiyaga sho‘ng‘iy boshlaydi. Facebook ijtimoiy tarmog‘ida kuz oylarida siqilgan, hayotda ma’no qidirgan ma’nodagi postlar ko‘payishi bejizga emas. Vatanga muhabbat shu davrda shakllanadi. Ilk korrupsiyaga ham shu davrda duch keliniladi.


Foto: Nurjahon Farmonovning shaxsiy arxividan

Bu davrning yaxshi tarafi yangi hayot boshlash uchun ko‘p imkoniyat bo‘ladi. Tavakkal qilish, biznes qilishga urinib ko‘rish, xato qilishdan ham qo‘rqmaslik bo‘ladi bu davrda. Har holda 30 dan oshgan, 3 ta bolali odam talabadan ko‘ra ko‘proq qo‘rqadi xato qilishdan.

Talabalik davrida ishlash kerak. Ish jarayonida shaxs sifatida shakllanish bo‘ladi, o‘z yo‘lini topishi mumkin bo‘ladi. SMM`chi bo‘lib 3 oyda Gentra olish mumkin degan xayol absurd ekanligini faqatgina SMM`chi bo‘lib ishlab ko‘ribgina anglash mumkin. Umuman, hozirgi davrda xususiy sektorda ish vaqtiga emas, ish sifatiga va ko‘lamiga e’tibor berish shakllandi. Yarim kun ishlab ham, o‘zining oylik xarajatlariga, hatto pul jamg‘arishga ham yetadigan pul ishlab topish mumkin. Bu uchun albatta talaba-yoshning kimyo yoki matematikadan qanchalik kuchli repititorga borgani emas, ish beruvchi talab qilgan hunarni yaxshiroq bajarishiga qaraladi.

Hozirgi ta’lim sifati kabi muammolar orqasida yana bir muammo bor. Buni ko‘pchilik ilg‘amayapti. Bu bizning oliy ta’lim muassasalarida «student's life» (talabalar hayoti) yo‘qligi. Bu G‘arbda keng tarqalgan odat. Bu talabalar bir-biri bilan yaxshi kommunikatsiya qilish uchun ishlab chiqilgan tizim, hozirga kelib har bir talaba uchun odatga aylangan. «Student's life»da talabalar birgalikda loyihalar qilishadi, pikniklar, party`lar uyushtirib, teatr va muzeylarga borishadi. Bizda piknik qilishga deyarli sharoit yo‘q, afsuski qurilishlardan chiqadigan changlar o‘tirib qolgan yerlarda o‘tirish tugul yangi oyoq kiyim bilan yurishga ham tortinasiz. Party`lar madaniyati hali shakllanmagan, choyxonalar faqat yigitlar bilan qilinadi. Teatr, muzeylar esa bo‘shab yotibdi, san’at o‘lgan, aniqrog‘i o‘ldirishgan. Bizda «student's life» bu yigitlarning choyxonasi va kursdoshlar to‘yi. Toshkentdagi Vestminster universitetida bu «life» qisman shakllangani haqida gap-so‘zlar yuradi, lekin o‘zim guvohi bo‘lmadim.

Men o‘z yo‘limni, shug‘ullanishni istaydigan kasbimni aniq qilgach, talaba bo‘ldim. Shuning uchun talabalik davrim siqilishlarsiz o‘tyapti, chunki vaqt yo‘q bunga. Demak, talaba bo‘lmoqchi bo‘lganlar avvaliga, shu yo‘nalishni bitirib kelajakda ishlay olamanmi, qiziqamanmi o‘zi degan savolni o‘zlariga berishi muhim. Kelajakda bu kasbim pul olib keladimi, davr talabi bo‘lib qoladimi degan tahlillarni qilib ko‘rishi kerak.

Talabalik O‘zbekistonda hayotning boshlanish nuqtasi. Siz bu davrni o‘zingizni anglashga sarflasangiz, keyinroq qiynalib qolasiz. Chunki talabalik hayoti sizdan mustaqil shaxs harakatlarini kutadi, o‘zini endi anglayotgan o‘smirni emas. Shuning uchun talabalikda ko‘proq ishlash kerak. Turli loyihalarda, kasblarda, biznesda o‘zingizni sinab ko‘ring. Ko‘proq kommunikatsiya qiling, yangi tanishlar yangi davralarni, yangi davralar esa yangi imkoniyat eshiklarini ochadi. O‘zingizni yo‘lingizni topib olganingizda siz o‘qiyotgan oliy ta’lim muassasasi usti rangli teridan tikilgan hujjatdan boshqa narsa berolmasligini tushunasiz.

«Universitetga kirish haqidagi butun tasavvurlarim oilam va bu tajribaga ega bo‘lgan odamlarning hikoyalaridan shakllangan edi» — Vladimir Myakota

Vladimir Myakota Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali Amaliy matematika va informatika fakultetining 4-bosqich talabasi.

— Birinchi bosqichdaligimdayoq birinchi sessiyadan so‘ng ushbu jumlani o‘ylab topgan edim: «Men juda yaxshi talabaman, lekin yomon o‘quvchiman». Ushbu jumla OTMda o‘qish jarayonida olishim mumkin bo‘lgan barcha narsani o‘zimda to‘laqonli his etganimni bildiradi. Oylar davomida ortidan chopishimga sabab bo‘lgan akademik qarzdorlik; butun boshli semestr darslarini bir necha kunda o‘zlashtirish, imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgandan keyin esa butun kurs davomida bir maromda ta’lim olish, ko‘plab yangi tanishlar, katta hajmdagi ma’lumotlar va qanchadan-qancha imkoniyatlar.

Talaba qanday o‘qishi yoki o‘qimasligidan qat’i nazar, OTM eng asosiysi unga imkoniyat berishi lozim: ko‘p yillar davomida har kuni shu fan bilan shug‘ullangan kishilardan kerakli fan sohasi haqida ma’lumot olish imkoniyati, kelgusi hayotda muhim rol o‘ynaydigan yangi tanishlar orttirish imkoniyati, deyarli har qanday ma’lumotni tezda o‘zlashtirish va uni qo‘llash imkonini beruvchi ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkoniyati.


Foto: Vladimir Myakotaning shaxsiy arxividan (chapdan ikkinchi)

Oliy ma’lumot olish, universitetga kirish haqidagi butun tasavvurlarim oilam va bu tajribaga ega bo‘lgan odamlarning hikoyalari asosida shakllangan edi. O‘qishga kirishdan avval fanni topshirish o‘ta qiyin bo‘lgan va ko‘plab talabalarni haydab yuboradigan o‘qituvchi bo‘lishini kutgandim. Fanlar haqidagi ma’lumot o‘qishni tugatgandan keyin bir necha yil o‘tib unutilishini, lekin uni qayerdan va qanday topishni unutib bo‘lmasligini bilardim. Eng qizig‘i, universitetdan keyin hamma butun umri davomida eslab turadigan «talabalik hayoti» edi: turli to‘garaklar, bayramlar, yangi tanishlar va orttirilgan do‘stlar, imtihonlarni topshirish jarayoni va barcha imtihonlar topshirib bo‘linganidan keyingi quvonch va yengillik hissi.

Men matematika fakultetida o‘qiyman va har qanday murakkablikdagi matematika to‘g‘ri tushuntirilsa, uni hamma ham anglashini bilaman. Ammo matematik tahlilning birinchi darsidan so‘ng to‘g‘ri tushuntirish bo‘lmasligini hamda bu eng qiyin fanlardan biri bo‘lishini sezdim.

Hayotdan misollar keltirish o‘rniga (butun matematika shundan boshlangan), bir dunyo tushunarsiz belgilar, ta’riflar va teoremalarni yozishardi, so‘ng har bir talabadan ularni aytib berishni talab qilishardi. Va matematika bilan bog‘liq har bir darsda shunday qilishardi. Ammo ba’zida matematika nima ekanligini va bu tushunarsiz belgilar qanday ishlatilishini hamma uchun sodda tarzda tushuntirib beradigan o‘qituvchilar bo‘lardi, bundan tashqari, bizning zamonlarda ushbu muammolarni hal qilib beradigan internet ham bor.

Ko‘p hollarda talabalarni fanga qiziqtirishga harakat qilishmaydi va barcha motivatsiyalar sessiya bilan qo‘rqitish va o‘qishdan haydash, ba’zan esa stipendiyaga bog‘lanadi. Aslida esa o‘qituvchining vazifasi faqat darsni o‘tish emas, balki unga qiziqtirish hamdir.

O‘quv dasturining o‘zi hammaga o‘rgatish va ko‘rsatish uchun mo‘ljallanmagan, lekin bu ham muammo, ham yechimdir. Albert Eynshteynning so‘zlarini eslayman: «Men hech qachon o‘quvchilarimga dars bermayman. Men ularga faqat o‘zlari o‘qiy olishlari mumkin bo‘lgan sharoitlarni taqdim etaman».

Biroq, baribir, masala ochiqligicha qoladi. Kim o‘qishni xohlamasa — hech kim uni o‘qita olmaydi, kim xohlasa — har qanday sharoitda ham o‘qiydi. Agar OTMning vazifasi saralab olish emas, balki o‘qitish bo‘lsa, ko‘p hollarda dastur va uning taqdim etilishi bunga to‘sqinlik qiladi.

Shuningdek, OTMlarda o‘qituvchilar tarkibi har doim ham o‘z sohasini va pedagogikani yaxshi biladigan odamlardan iborat emas — bu hali o‘zlarining qarashlarini shakllantirib ulgurmasdan ularni boshqa talabalarga yetkazishga harakat qiladigan talabalar bo‘lishi ham mumkin.

O‘qitish usullari, imkoniyatlar haqida ko‘p gapirish mumkin, lekin universitetda talaba bilim olishi va universitet bilim berishi kerakligi — bu haqiqat. Olingan barcha narsalar, agar to‘g‘ri ishlatilsa — plyus, noto‘g‘ri ishlatilsa — yashirin plyus.

Talabalik yillari, bu — aniq oltin davr va har bir inson uning barcha go‘zalliklari bilan yuzma-yuz kelsa, qanday yaxshi.

«Talabalik emas, umuman olganda o‘rganish davri — oltin davr» — Ali Xolmatjonov

Ali Xolmatjonov, Toshkentdagi Vebster universitetining 1-bosqich talabasi.

— Shaxsan menda Toshkentdagi Vebster universiteti talabasi va videograf sifatida boshqa talabalardan farqli tajriba bo‘ldi. Asosiy bilim manbai universitet emasligi, insonning o‘zidagi ilm fanga bo‘lgan qiziqish va chanqoqlik eng muhim omil ekanligini anglab yetdim.

Ko‘plab talabalar uchun «talabalik — oltin davr» degan tushuncha mustaqil hayotga qadam va bu bilan birga keladigan qiyinchiliklarni anglatadi, ya’ni ularning ko‘z oldiga ham o‘qib, ham ishlash keladi. Shaxsan menda bu jarayon universitet talabasi bo‘lishimdan avval boshlanganligi sababli ishim va universitetdagi o‘qishni ko‘p solishtiraman. Agar universitetga kirishdan maqsad diplom emas bilim olish bo‘lsa, demak uni qanday olish emas, balki istalgan yo‘l bilan bo‘lsa ham bilim olishdan to‘xtamaslik muhim. Kim uchundir bilim manbayi universitet bo‘lsa, men uchun bu umuman boshqa tushuncha.

«Jurnalistikada bakalavr darajasini olish uchun 4 yil o‘qish ko‘p» — Sherzod Nurmatov

Sherzod Nurmatov O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Bosma OAV va noshirlik ishi fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishi 4-bosqich talabasi.

— Albatta, talabalik oltin davr. Sport jurnalistikasida o‘qiyotganimiz tufayli talabalikning oltin davri asosan turli sport musobaqalarida bevosita ishtirok etgan va etayotgan davrimizga to‘g‘ri keladi (xokkey, futbol, sambo, boks va hokazo). Kursdoshlar bilan birga o‘tayotgan davrlar, davradagi samimiy suhbatlar, turli bayramlarda qatnashish, sayohatlarga chiqish — bularning barchasi men uchun qadrlidir. Shubhasiz, talabalik hayotimning eng ajoyib lahzalaridan biri bo‘lib qoladi.

Yomon tomoni — o‘qishga kirgandan keyin ko‘pchilik talabalarda motivatsiyaning yo‘qolib qolishi, ya’ni o‘qishga kirdim, deb bilim olishni kamaytirish, «self-study» (mustaqil ta’limga) beparvo qarash kuzatilishi mumkin.

Foto: Sherzod Nurmatovning shaxsiy arxividan

Yana bir nisbatan salbiy jihatlardan biri — jurnalistikada bakalavr darajasini olish uchun 4 yil o‘qish. Bu ko‘p deb o‘ylayman. Xohlaysizmi-yo‘qmi, ish jarayoningizga ta’sir qiladi.

O‘ylashimcha, O‘zbekistondagi OTMlarda talabalarning fikrlashiga kamroq e’tibor beriladi. Chunki asosiy urg‘u eslab qolish qobiliyatiga qaratiladi. Aslida oliy ta’limni tamomlagan talaba o‘z yo‘nalishining ustasi bo‘lishi kerak.