17 noyabr kuni Toshkent shahrida qor qatlamining qalinligi 13 sm ni tashkil etdi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

pH (kislotalilik), elektr o‘tkazuvchanlik va ion tarkibini aniqlash uchun qordan namunalar olingan. Qordan namuna olishda ifloslangan qor qatlami (qizg‘ish, loy rangi) yaxshi kuzatilgan.

O‘zgidromet meteomaydonchasidan 10:30 da olingan qor namunalari tahlili quyidagilarni ko‘rsatdi: qorning pH 9,6 ni tashkil etdi — ishqorli muhit. Elektr o‘tkazuvchanlik 73,2 ni tashkil etdi, bu anionlar va kationlarning uncha katta bo‘lmagan konsentratsiyasidan dalolat bo‘ladi. Atrof muhitga ko‘p miqdordagi changni kelishi qorning kimyoviy tarkibini o‘zgarishiga olib keldi, unda chang tarkibiy qismlarining erishi hisobiga kalsiy, magniy, gidrokarbonatlar ionlari miqdori oshdi.

16:30 da olingan qor namunalari tahlili pH ishqorli muhitga mos darajada qolganini ko‘rsatgan. Elektr o‘tkazuvchanlik deyarli bir yarim martaga pasaydi, bu atmosferani tozalanganligi to‘g‘risida dalolat bo‘ladi.

Foto: O‘zgidromet

Qordagi ifloslantiruvchi moddalarning miqdori sezilarli darajada emas va inson salomatligiga ziyon yetkazmaydi.

Kun davomida Toshkent shahri atmosfera havosidagi muallaq zarralar miqdori ruxsat etilgan me’yordan o‘rtacha 1,4 marta oshdi.

Yog‘inlar yoqqanda birinchi yarim soatda tashqarida bo‘lish tavsiya etilmaydi, chunki bu vaqtda asosiy ifloslanish miqdori atmosferadan yuviladi.

Avvalroq O‘zgidromet Toshkentda iflos qor yog‘ganiga 4 noyabrda Qozog‘iston janubida va 16 noyabrda Buxoro viloyatida kuzatilgan qum bo‘ronlari sabab bo‘lganini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, bu inson salomatligiga ziyon yetkazmasligi aytilgan edi.