Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 17 noyabrdagi yalpi yig‘ilishida Xalq ta’limi va AKT vazirliklariga rahbar nomzodini ma’qullash masalasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda deputat Doniyor G‘aniyev yozmoqda.

Shu kunning o‘zidayoq prezident tegishli farmonlarni imzoladi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri lavozimiga shu kunga qadar xalq ta’limi vaziri lavozimida ishlab kelayotgan Shermatov Sherzod Xotamovich nomzodi ma’qullandi. Shu munosabat bilan u xalq ta’limi vaziri lavozimidan ozod etildi.

Shermatov Toshkent Davlat texnika universitetini (1993−1998 yillarda) tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2000 yilda Moliya vazirligi Valyuta iqtisod bosh boshqarmasi bosh iqtisodchisi lavozimidan boshlagan.

2014 yildan 2018 yilning iyuniga qadar Toshkentdagi Inxa universiteti rektori, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirning birinchi o‘rinbosari, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchisi, Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari sifatida ishlagan.

Shermatov 2018 yilning iyun oyidan bugunga qadar XTV rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan edi.

Xalq ta’limi vaziri lavozimiga esa shu kungacha O‘zbekistonning Xitoydagi favqulodda va muxtor elchisi sifatida ishlab kelayotgan Saidov Baxtiyor Odilovich nomzodi ma’qullandi.

Baxtiyor Saidov Xitoydagi elchi sifatida 2017 yil iyundan beri ishlab kelayotgan edi. U 2018 yilning aprel oyidan O‘zbekistonning Mo‘g‘ulistondagi elchisi, 2019 yildan esa — Filippindagi elchisi (qarorgohi Pekinda joylashgan) lavozimlarida ham faoliyat yuritayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 3 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi ortidan prezident farmoni asosida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sadikov lavozimidan ozod etilgandi.