Rossiyaning yana sakkizta oliy o‘quv yurti O‘zbekistonda o‘z filiallarini ochish niyatida, dedi Moskva davlat universiteti rektori Viktor Sadovnichiy 16 noyabr kuni Moskva davlat universitetida ochilgan ikkinchi Rossiya-O‘zbekiston ta’lim forumida.

Viktor Sadovnichiyning so‘zlariga ko‘ra, uchta filialning ochilishi imzolanishning yakuniy bosqichida va «yaqin kelajakda ular o‘zbekistonlik talabalar uchun o‘z eshiklarini ochadi».

Viktor Sadovnichiy ikki mamlakat hamkorligining sezilarli dinamikasini ham qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda ilmiy-ta’lim sohasidagi hamkorlik bo‘yicha 63 ta «yo‘l xaritasi» amalga oshirilmoqda va 115 ta OTM o‘rtasida 240 dan ortiq shartnomalar imzolangan.

Forumda, shuningdek, kelgusi o‘quv yilida o‘zbekistonlik talabalar uchun Rossiya oliy o‘quv yurtlarida bepul ta’lim olish kvotalari 750 o‘ringa ko‘paytirilishi mumkinligi, bu 2018 yilga nisbatan uch barobar ko‘p ekanligi ma’lum qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov aytib o‘tdi.

Vazirning ta’kidlashicha, so‘nggi uch yilda Rossiya tomoni federal budjet hisobidan o‘zbekistonlik talabalarga Rossiya OTMlarida o‘qish uchun ajratiladigan yillik grant o‘rinlarini bosqichma-bosqich oshirib bormoqda.

«Biz buni Rossiya tomonining mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun malakali kadrlar tayyorlashga qo‘shgan salmoqli hissasi deb bilamiz», — deya qo‘shimcha qildi Abduqodir Toshqulov.

Rossiya tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda Rossiya OTMlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni 43 ming nafarni tashkil etadi. Oxirgi uch yilda respublikadagi Rossiya oliy o‘quv yurtlarining filiallari soni 4 tadan 14 taga ko‘paydi, Toshkentda ham RUDN universitetining vakolatxonasi ochildi.