AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda 15 noyabrdan 7 dekabrgacha boshlang‘ich sinflarda o‘qish (EGRA) va matematika ko‘nikmalarini baholash (EGMA) bo‘yicha mamlakat bo‘ylab tadqiqot olib boradi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berdi.

17 noyabr kuni poytaxtdagi 232-maktabda o‘quv boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

“Biz ta’limga sarmoya kiritishni har bir mamlakat bajara oladigan eng muhim amal deb hisoblaymiz. Yosh avlodga investitsiya kiritish kelajakka investitsiya kiritish demakdir. Biz Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda amalga oshirayotgan ushbu loyiha butun O‘zbekiston bo‘ylab 3- va 5-sinf o‘quvchilarining o‘qish va matematika ko‘nikmalarini baholashga yordam beradi. Baholash ushbu fanlar bo‘yicha o‘quv dasturlarini takomillashtirish va shu fanlarni o‘qitishga to‘g‘ri investitsiya kiritish imkonini beradi”, — dedi AQShning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblyum.

EGRA va EGMA — umumta’lim maktablari boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining savodxonlik va hisoblash ko‘nikmalarini baholashga mo‘ljallangan ilmiy asoslangan modellarga tayanadi.

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, EGRA va EGMA tadqiqoti 937 ta davlat umumta’lim maktabidagi 11 ming nafar o‘quvchining o‘zbek, rus, qoraqalpoq, qozoq, tojik, qirg‘iz va turkman tillari, shuningdek, ikkinchi til sifatida o‘zbek tiliga oid ko‘nikmalarini baholaydi.

Foto: AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi

“Bizning yuksak vazifamiz — bolalarni muvaffaqiyatga olib kelish, maqsadimiz — ularni baxtli ko‘rish. Ushbu loyiha boshlang‘ich sinflarda yuqori sifatli ta’limni ta’minlash orqali bu yuksak vazifamizni ilgari surish yo‘lida qo‘yilgan muhim qadamdir”, — dedi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov.

Bugungi kunga qadar USAID EGRA va EGMA baholash tadqiqotini 40 dan ortiq mamlakatda o‘tkazib, to‘plangan ma’lumotlar ushbu mamlakatlarga o‘z o‘quvchilarining o‘qish va matematika bo‘yicha asosiy ko‘nikmalarini yaxshilashga yordam bergan.