Avvalroq, respublika bo‘ylab barcha mahallalarda «hokim yordamchisi» lavozimiga moliya-iqtisodiyot sektori xodimlari majburlab o‘tkazilayotgani haqida yozgan edik.

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Telegram`da o‘tkazilgan muloqot chog‘ida mazkur masala yuzasidan ham o‘zining munosabatini bildirdi.

«Inson o‘zini hayotida o‘zini orzu-xavasi bor, o‘zini yo‘nalishlari bo‘yicha ishlaydi. Shunga qarab u o‘zini bilimini oshiradi. Ertaga rejalar qiladi, kasb tanlash erkinligi bekordan bekorga emas. Kasbni erkin tanlash bu juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan Konstitutsiyaviy huquq», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «bunaqa holatlar noto‘g‘ri va noqonuniy».

«Bunga qarshi — buni aytayotganlarning [murojaatchilarning] o‘zi ham chora ko‘rishi mumkin. Ya’ni, u yerda hech kimni majbur qilishga haqqi yo‘q. Yo‘q degan javobni berib, tazyiqlar bo‘ladigan bo‘lsa (Adliya vazirligiga — tahr.) murojaat qilishi mumkin», — dedi Ruslanbek Davletov.

Mehnat huquqlarini himoya qilish yuzasidan Adliya vazirligi ham vakolatga egaligi va muammolarni manzilli ko‘rish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

«Uni albatta, ko‘rib chiqamiz. Ya’ni bu yerda manzilli ko‘rish kerak. Aniq holatda kim nima bo‘layotgan bo‘lsa, shunga biz o‘zimizni munosabatimizni bildirishimiz kerak», — dedi vazir.

Bunga qadar, 8 noyabrdan boshlab respublikaning jami 9259 ta mahallasida hokim yordamchilari lavozimlari joriy etish ishlari boshlangani haqida xabar qilgandik. O‘shanda ushbu lavozimlarga prezident topshirig‘ida aytilganidek yoshlar orasidan emas, balki hududlarda tajribaga ega moliya-iqtisodiyot sektori xodimlari majburan tayinlanayotgani aytilgandi.

Murojaatchilarning so‘zlariga qaraganda, ular ushbu lavozimga o‘tishni rad etsa, «prezidentga xiyonat» qilayotganlikda ayblanib, ishdan bo‘shatilishi bilan qo‘rqitilmoqda. Suhbatga kelmaganlar esa ichki ishlar organlari tomonidan majburan olib ketilayotgani ma’lum qilingandi.