Prezident 16 noyabr kuni «Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi [PF-14-son] farmonni imzoladi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Adliya vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini muvofiqlashtirish respublika komissiyasi tasdiqlanmoqda.

Komissiya paxta-to‘qimachilik klasterlarini tashkil etish uchun arizalarni ko‘rib chiqadi. Qolaversa, klasterlar faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni o‘rganib, ularni bartaraf etish bo‘yicha Hukumatga taklif kiritadi.

Komissiya shuningdek, investitsiya majburiyatlarini buzgan klasterlar faoliyatini tugatish bo‘yicha tavsiyanoma berish huquqiga ega.

Klasterlar komissiyasi xulosasiga asosan Hukumat qarori bilan tashkil qilinadi va talabgor bilan o‘ttiz yilga to‘rt tomonlama bitim tuziladi.

Bitim quyidagi holatlarda faqatgina sud tartibida bekor qilinadi:

  • tomonlarning hech bo‘lmaganda bittasi qarshi bo‘lganida;
  • bitimdagi majburiyatlar (fors-major holatlaridan tashqari) o‘z vaqtida bajarilmaganida;
  • qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarning uchdan ikki qismi (66%) klasterlar tomonidan shartnoma shartlari 3 yil bajarilmaganini asoslovchi yozma murojaatlari bo‘lganda.

Klaster tashkil qilishda yetishtiriladigan yoki sotib olinadigan paxta xom ashyosining kamida 50 foizini o‘zida qayta ishlash quvvati mavjud bo‘lgan talabgorga ustunlik beriladi.

Farmonga asosan fermer xo‘jaliklariga o‘z viloyatidagi istalgan paxta-to‘qimachilik klasterlari bilan paxta xomashyosini yetkazib berish bo‘yicha ixtiyoriy ravishda fyuchers shartnomalarini tuzish huquqi berildi. Ilgari faqat o‘z tumanidagi klasterlar bilan shartnoma tuzilgan.

Klasterlarning yillik paxta hajmi 30 ming tonnadan ko‘p bo‘lganda audit o‘tkazishga xalqaro auditorlar jalb qilinadi.