O‘zbekistonda 2021 yilning yanvar-sentabr oylarida ishsizlik darajasi 9,4 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,7 foizga, yanvar-iyun oylariga nisbatan 0,4 foizga kamaydi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkichlar respublikaing 108 ta shahar va tumanlarida o‘tkazilgan navbatdagi ijtimoiy so‘rov asosida kelib chiqqan. Tadqiqot davomida 500 ta o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, 5,0 mingta uy xo‘jaliklari hamda 26,5 ming nafar fuqarolar qamrab olingan.

2021 yilning to‘qqiz oyida mehnat resurslari soni 19,3 milliontani tashkil etib, o‘tgan yilning yanvar-sentabriga nisbatan 1,1 foizga yoki 201,4 mingtaga ko‘p. Shundan 6,1 million kishi rasmiy sektorda band bo‘lib, 2020 yilning shu davriga nisbatan 7,9 foizga yoki 450,5 ming kishiga o‘sgan. Norasmiy sektorda band bo‘lganlar soni 5,9 mln kishini tashkil etib, joriy yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 4,1 foiz yoki 254,0 ming kishiga kamaygan.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra ishga muhtoj bo‘lganlarning umumiy soni 1,4 mln kishini, ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholi orasida 9,4 foizni tashkil etdi. 16−30 yoshgacha bo‘lganlar orasida ishsizlik darajasi — 14,9%, ayollar orasida ishsizlik darajasi esa — 12,8% bo‘ldi.

Yanvar-sentabr oylarida tuman (shahar) Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga 842 ming nafar fuqaro ish topishga yordam so‘rab murojaat qilgan.

Murojaat qilgan fuqarolarning 203 ming band bo‘lmagan aholi haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi va ularning ish haqi uchun 177 mlrd so‘m mablag‘ to‘lab berildi. Bundan tashqari, 93,5 ming nafar ishsizlarga 81,9 mlrd so‘m ishsizlik nafaqasi tayinlandi va to‘lab berildi.

Mazkur davr ichida 31,5 ming ishsizlar hamda «ayollar daftari», «yoshlar daftari»ga kiritilgan ishsizlarga 66,6 mlrd so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi. Jumladan:

  • tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish, «Hunarmand» uyushmasiga a’zolik badali xarajatlarini qoplash uchun 6 263 nafar fuqarolarga 4,8 mlrd so‘m;
  • shaxsiy va dala tomorqasida issiqxona, ekishga urug‘lar va ko‘chatlar hamda sug‘orish vositalarini harid qilish uchun 16 426 ta oilalarga 43,7 mlrd.so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi.

9 oy davomida jami 338,2 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi yoki prognozga nisbatan 124 foizga bajarilgan (o‘tgan yilga nisbatan 126%ga o‘sdi, 66,9 mingtaga ko‘p).