Senat favqulodda holat to‘g‘risidagi qonun va boshqa hujjatlarni ko‘rib chiqadi

Senatning 21 yalpi majlisi 18 noyabr kuni chaqiriladi va unda asosiy e’tibor «Favqulodda holat to‘g‘risida»gi va «Gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risida»gi qonunlarga qaratiladi. Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritish kutilmoqda. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy markazini axboroti va hukumatga yuborilgan so‘rov ham muhokama qilinadi.

O‘zbekiston Milliy atlasi yaratildi

Prezident topshirig‘iga asosan ilk marotaba O‘zbekiston Milliy atlasi yaratildi. Unda mamlakatning tabiiy-geografik o‘rni, resurslari, atrof-muhit muhofazasi, aholisi, iqtisodiyoti va tarixi aks ettirilgan.

Hokimlarning g‘alla yetishtiruvchilar faoliyatiga har qanday aralashuvi taqiqlandi

Prezident hokimlarning g‘alla yetishtiruvchilar faoliyatiga har qanday aralashuvini taqiqlashni nazarda tutuvchi qarorni imzoladi. Endilikda, hokimliklar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar agrotexnik tadbirlar o‘tkazish, kreditlardan foydalanish, bug‘doyni sotish jarayonlariga aralasha olmaydi.

Afg‘onistonning yangi hukumati va’dalarini bajarishga qodir — O‘zbekiston TIV rahbari

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning fikricha, Afg‘onistonning yangi hukumati o‘z va’dalari va xalqaro majburiyatlarini bajara oladi. Chunki mamlakatni tinchlik va farovonlikka olib borishning boshqa yo‘li yo‘q.

Jizzaxda tuman prokurori o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushdi

Dushanba kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Yangiobod tumani prokurorining o‘rinbosari 8000 dollar olgan vaqtida qo‘lga olingani aytilmoqda.

KfW O‘zbekistonga qariyb 30 mln yevro ajratadi

Prezident qarori bilan O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun Germaniya taraqqiyot bankidan 29,8 mln yevro kredit jalb etiladi. Loyiha 4 yil davomida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

To‘qqiz oy ichida ishsizlik darajasi 9,4 foizgacha tushdi

2021 yilning uch choragi yakuni bo‘yicha O‘zbekistonda ishsizlik darajasi yillik ko‘rsatkichda 1,7 foizga kamaygan holda 9,4 foizni tashkil etdi. Mehnat vazirligi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov mamlakatda rasman 6,1 million fuqaro ishlayotganini, ulardan 5,9 millioni norasmiy sektorda band ekanligini ko‘rsatdi. Ishga muhtoj bo‘lganlarning umumiy soni 1,4 mln kishini tashkil etgan.

Prezident qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarni xususiylashtirishga oid qonunni imzoladi

Endi tadbirkorlik, shaharsozlik, yakka tartibda uy-joy qurish va uni obodonlashtirish uchun berilgan yerlar, qolaversa, xususiylashtirilgan davlat obyektlari hududlarini xususiylashtirish mumkin. Ariza berish tartibi, uni rad etish asoslari, xususiylashtirilgan yerlarni mulkdordan olib qo‘yishni tartibga soluvchi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Prezident tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqot o‘tkazadi

Shavkat Mirziyoyev navbatdagi ochiq muloqotni tibbiyot sohasi vakillari, jumladan, olimlar, shifokorlar, farmatsevtlar, hamshiralar va tizim xodimlari bilan o‘tkazadi. Shundan kelib chiqib, SSV aholi va tibbiyot xodimlarining taklif, muammo va kamchiliklarini o‘rganish maqsadida maxsus «Call-markaz»ni ishga tushirdi.

2024 yilda YAIM ko‘rsatkichini 100 mlrd dollardan oshirish mo‘ljallanmoqda

2022 yil uchun davlat budjeti loyihasiga ko‘ra, O‘zbekistonda YAIM 2022 yilda 6 foizga o‘sishi va qariyb 840 trln so‘mni (MBning 16 noyabrdagi kursi bo‘yicha 78,2 mlrd dollar), 2023 yilda 972 trln so‘mdan ortiq ($90,5 mlrd) bo‘lishi va 2024 yilda esa 1 trilliard so‘mdan (qariyb $105 mlrd) oshishi mo‘ljal qilinmoqda.

Namanganda uchta YTH oqibatida 3 kishi vafot etdi, 4 kishi shifoxonaga yotqizildi

Namangan viloyatida sodir bo‘lgan uchta YTH oqibatida 2 nafar haydovchi va 1 nafar velosipedchi vafot etdi. Yana 4 kishi shifoxonaga yotqizildi. Barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

«Transmashxolding» (Rossiya) bilan metroni rivojlantirish to‘g‘risidagi memorandum imzolandi

Toshkent metropoliteni va Rossiyaning «Transmashxolding» kompaniyasi o‘rtasida poytaxt metropolitenini rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzolandi. Xususan, xolding yer usti yo‘lovchi transporti va metropoliten tarmoqlarini integratsiya qilish, metropolitenda savdo tizimini yo‘lga qo‘yish, metropoliten infratuzilmasi va harakat tarkibini yangilashga yordam beradi.

Benzin narxining oshish sabablari va narxni tushirish bo‘yicha rejalar haqida — Antimonopoliya qo‘mitasi vakili

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Farruh Qoraboyev O‘zbekistonda benzin narxining oshishi sabablarini sanab o‘tdi va narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi. Jumladan, benzin importi geografiyasini kengaytirish, Ai-80 benzinini kuniga 3 ming tonnadan kam bo‘lmagan hajmda yetkazib berishni ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Ichki ishlar vaziriga murojaat yo‘llagan sobiq profilaktika inspektori qamoqqa olindi

Namangan shahar IIB rahbariyati ustidan shikoyat qilib, ichki ishlar vaziriga videomurojaat yo‘llagan sobiq profilaktika inspektori boshqalar nomida katta miqdorda kredit olib, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganlikda ayblanmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi qo‘lga olindi.