Oliy Majlisi Senatining 21 yalpi majlisi 18 noyabr kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, deb xabar bermoqda yuqori palata axborot xizmati.

Unda bir qator hujjatlar, jumladan, senatorlar «Favqulodda holat to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonuni va «Gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risida»gi qonunni ko‘rib chiqadi.

Yalpi majlisda intellektual mulk, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, fuqarolik to‘g‘risidagi, og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatlarini ta’minlash hamda o‘simliklar karantini va himoyasi kabi sohalarda qonunchilikka qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritishi masalalari ham muhokama qilinadi.

Senatorlar transport va moliya sohalaridagi ayrim huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma’muriy jazolar liberallashtirilishi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritish masalasini ham ko‘rib chiqadi.

Majlis kun tartibidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy markazi direktorining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarning bajarilishi holati haqidagi axborotini eshitish ham o‘rin olgan.

Bundan tashqari, Senat a’zolari aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashdagi muammolar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ko‘rib chiqadi.

Qolaversa, homilador va reproduktiv yoshdagi ayollar hamda go‘daklarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam holati hamda yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat munosabatlari bilan bog‘liq masalalarda ish beruvchilarning mas’uliyatini oshirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborish masalalari muhokama etiladi.