Namangan uchta YTH oqibatida 3 kishi vafot etdi, 4 kishi shifoxonaga yotqizildi. Hodisalar haqida viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.

10 noyabr kuni soat 19:00 larda, Pungon-Namangan yo‘lining 68 km da, Porosmon MFY hududida YTH sodir bo‘ldi.

Namangan shahar Davlatobod tumanida yashagan, 1986 y.t. ayol Matiz rusumli avtomashinasini boshqarib borayotib, harakat xavfsizligini ta’minlay olmay, boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning o‘rtasini ajratib turuvchi temir to‘siqqa urilgan.

Natijada, haydovchi tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan. Avtomashinada bo‘lgan yo‘lovchi, Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1999 y.t. fuqaro bosh miya asosini sinishi, chap chakka suyagini ochiq sinishi tashxisi bilan tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

12 noyabr kuni soat 10:00 larda, Jomashuy-Tegirmon-Navbahor yo‘lining 38 km da, Pop tumani Navbahor MFY hududida YTH sodir bo‘ldi.

Mingbuloq tumanida yashovchi, 1992 y.t. fuqaro Nexia rusumli avtomashinasini boshqarib borayotib, harakat xavfsizligini ta’minlay olmay, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan, Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida yashovchi, 1962 y.t. fuqaro boshqaruvidagi Labo rusumli avtomashinasi bilan to‘qnashgan.

Natijada, Labo rusumli avtomashina haydovchisi olgan og‘ir tan jarohati oqibatida shifoxonada vafot etgan. Nexia rusumli avtomashinada bo‘lgan 3 nafar yo‘lovchilar tukrli jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgan.

12 noyabr kuni soat 16:45 larda, Kosonsoy-To‘raqo‘rg‘on-Mingbuloq yo‘lining 54 km da, To‘raqo‘rg‘on tumani Obodon MFY hududida ham YTH sodir bo‘ldi.

Shu tumanda yashovchi, 1986 y.t. fuqaro Damas rusumli avtomashinasini boshqarib borayotib, harakat xavfsizligini ta’minlay olmay, yo‘lni kesib o‘tayotgan velosipedchi To‘raqo‘rg‘on tumanida yashagan, 1955 y.t. fuqaroni urib yuborgan.

Natijada, velosipedchi olgan tan jarohati oqibatida voqea joyida vafot etgan.

Barcha holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.